Eron Islom Respublikasining “Fars” axborot agentligi Toshkent ko‘rgazma markazida “Ipak yo‘li bo‘ylab turizm” nomli 30-Xalqaro turizm ko‘rgazmasi ochilganiga e’tibor qaratdi.
Nashr mamlakatimiz Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyevning ushbu nufuzli tadbir ochilishida so‘zlagan nutqidan iqtibos keltirgan:
– Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi 30 yil davomida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantirishga munosib hissa qo‘shdi. Ilk bor 1995 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazilgan ushbu ko‘rgazmaning mavqei va ko‘lami yil sayin ortmoqda. Bu yil Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Turkiya, Angliya, Malayziya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Chexiya, Germaniya, Pokiston, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya va Niderlandiya kabi 40 ga yaqin davlatdan yuzlab ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan.


So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sohada ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilib, salmoqli natijalarga erishildi. Turizm milliy iqtisodiyotning strategik sektori sifatida belgilanib, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishi sifatida tan olindi.

Yurtimizda 100 ga yaqin mamlakat fuqarolari uchun viza bekor qilingan. Mehmonxonalar, yangi turistik zonalar, 1200 dan ko‘p yangi sayyohlik ob’ekti qurildi, 100 dan ziyod yangi turistik yo‘nalish tashkil etildi. 2024 yil mamlakatimizga kelgan xorijiy sayyohlar soni 10 million kishiga yetdi. Biz bu bilan cheklanib qolmay, 2030 yil ayni ko‘rsatkichni 20 million kishiga yetkazish harakatidamiz.
Ko‘rgazma 29 noyabrgacha davom etadi.
M.Pirmatova, O‘zA