Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorij matbuoti sahifalarida O‘zbekiston
11:54 / 2023-03-13

Eron Islom Respublikasi rasmiy nashrlari – “iranpress.com” va “irna.ir” sahifalarida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu davlatga safari tafsiloti keng yoritildi.

Maqolalarda O‘zbekiston vakillari tashrif doirasida Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy tomonidan qabul qilingani urg‘ulanib, mamlakat rahbari so‘zidan iqtibos keltiriladi: “Ikki davlat o‘zaro aloqani rivojlantirish uchun yaxshi choralar ko‘rdi, munosabat darajasini ko‘tarish uchun endi yanada ko‘proq harakat qilishimiz kerak”.

Mualliflar Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Abdullohiyon, yo‘l va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazrpo‘sh, sanoat, kon va savdo vaziri, O‘zbekiston-Eron hukumatlararo komissiyasi hamraisi Rizo Fotimiy-Amin bilan uchrashuvni, muzokaralarda siyosat va diplomatiya, savdo va investitsiya, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash istiqboli ko‘rib chiqilganini ta’kidlashgan. Tomonlar joriy yil o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik jarayonini muhokama kilgani, iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish yo‘lida transport-kommunikatsiya imkoniyatidan samarali foydalanish zarurligi yuzasidan fikr almashilgani qayd etilgan.

Nashrlar Eronning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan biznes-forumga ham to‘xtalib, farmatsevtika, tibbiy asbob-uskuna va qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalasi ko‘tarilganiga alohida e’tibor qaratgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Tehronda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Muzokara chog‘ida IHT makonida mintaqaviy hamkorlikning turli jihatlari ko‘rib chiqilgan.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA