“BBC Travel” muxbiri yurtimizning turizm salohiyati haqida so‘z yuritarkan, diqqat markazini ko‘hna Samarqand va Buxorodagi minoralardan Farg‘ona vodiysiga qaratdi. Jurnalistning fikriga ko‘ra, o‘lkada turizm mislsiz sur’atda rivojlanayotgan bo‘lsada, haqiqiy madaniy nafas serhosil, ammo ko‘p sayyohlar hali kashf qilib ulgurmagan mana shu yashil makonda urib turibdi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston qadimiy Ipak yo‘li merosini zamonaviy turizm sifatida rivojlantirmoqda: vizalar yengillashdi, aviaqatnovlar ko‘paydi, sayyohlar uchun yirik imkoniyatlar yo‘lga qo‘yildi, -deyilada maqolada.

Muallifning yozishicha, Tyanshan va Oloy tog‘ tizmalari orasidagi bu keng vodiy asrlar davomida ipakchilik, kulolchilik va meva yetishtirish bilan mashhur. Marg‘ilonda to‘qilgan ipak matolari butun respublika bo‘ylab bosh kiyim, ro‘mol va zamonaviy libos tayyorlashda ishlatiladi. Rishtonda tayyorlangan sirlanuvchi kulolchilik buyumlari esa deyarli har bir uyda bor. Vodiyning gilos, anor, qulupnay, o‘rik kabi mevalari o‘zbekona mehmondo‘stlikning ajralmas qismi.

Farg‘onagakelgan har bir sayyohning ko‘zi avvalo, uzumlarni yelkasiga ortgan devorlar, ariq bo‘ylarida meva yuvayotgan kelinlar, g‘ayrati ichiga sig‘maydigan kampirlarning tut silkitayotganiga tushadi. Bozorlari “bahor hidi”ga to‘la. Sotuvchilardan biri “avval oilamiz uchun, keyin bozor, ortgani eksportga,” deya ta’kidlaydi. Serquyosh kunlar ushbu mevalarga o‘zgacha shirinlik va xushbo‘ylik bag‘ishlaydi.

Marg‘ilon vokzalidagi kichik rastada oltin qirralangan ko‘k sopol kosada yangi uzilgan tut, sotuvchi ayol boshida yorqin ipak ro‘mol. Shu manzara “BBS” muxbirining ko‘z o‘ngida ipak, keramika va mevaning bevosita hayotga singib ketganini ifodalaydi.

Qayd etish kerak, mazkur nashr diyorimizni “2025 yilda borish kerak bo‘lgan 25 manzil”dan biri sifatida tilga oldi. Muxbirning fikricha, mamlakatning haqiqiy yuzi – kadr ortida, Farg‘ona vodiysining sokin ustaxonalarida, qo‘lda yigiriladigan ipaklarida va eski hovlilarda osilib turgan gilos shoxlarida.
Musulmon Ziyo, O‘zA