Kuvaytning “Al-Jarida” nashrida “Turizm – O‘zbekiston iqtisodiyoti kelajagining tamal toshi” sarlavhali maqola e’lon qilindi.
– O‘zbekiston o‘zining noyob madaniy va tabiiy boyliklari va turizm sohasida alohida ajralib turadigan davlatlardan biridir. Bugun bu yurt hukumati ayniqsa, sayyohlik yo‘nalishiga o‘z iqtisodiy strategiyasining asosiy tayanchi sifatida katta e’tibor qaratmoqda, - deyiladi maqolada.
Nashrda 2017 yildan buyon O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, viza tartib-taomillarini yengillashtirish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilishga qaratilgan tashabbuslarda turizmni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 30 dan ortiq qonun va qarorlar qabul qilingani e’tirof etilgan.
Muallif yurtimizda 5 mingdan ortiq turar joy ob’ektlari, jumladan, mehmonxonalar va oilaviy uylar mavjudligi, shuningdek, hukumat tomonidan 28 ta hududdagi 135 ta mahalla fuqarolar yig‘ini turizm salohiyati yuqori hududlar sifatida belgilangani va ularni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash, soliq imtiyozlari berish orqali rivojlantirish bo‘yicha rejalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.
– O‘zbekistonda transport tarmoqlarini kengaytirish, jumladan, 40 ta milliy va xalqaro aviakompaniyalar ishtirokida reyslar sonini har yili mingdan ortiq reysga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. “Afrosiyob” tezyurar poyezdlar tarmog‘i ham Buxoro va Shahrisabz kabi yirik shaharlarga qatnovni amalga oshirmoqda, -deb yozilgan maqolada.
Shuningdek, nashr O‘zbekistonda sayyohlik sohasida malakali kadrlar muhimligi sababli “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda 10 ta kasb-hunar texnikumi tashkil etilgani, ularning barchasi turizm sohasida malaka oshirish uchun 80 dan ortiq xalqaro ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatganiga e’tibor qaratgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA