Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
00:35 / 2024-02-11

Afg‘onistonda Navoiy va Bobur tavallud kuni nishonlandi

Afg‘onistonda o‘zbek, fors, ingliz va pushtu tilida chop etiladigan “Salam Watandar” gazetasi sahifalarida Badaxshon viloyatida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud ayomi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbir tafsiloti yoritildi.

Nashr tadbirda turkiy xalqlar faxri – “shamsu-l-millat”, jahon adabiyoti xazinasini o‘zining hassos she’rlari, buyuk “Xamsa”si bilan boyitgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hamda turkiy adabiyotning yana bir zabardast vakili, chin ma’nodagi so‘z zargari, “Boburnoma”dek mahobatli asar muallifi, Navoiyni ustozim, deya ulug‘lagan Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun munosabati bilan buyuk shaxslar she’riyatidan namunalar o‘qilgani, ular ijodi, hayot yo‘li xotirlangani ta’kidlangan.

Maqolada mumtoz adabiyot tarixida bu ikki ulug‘ siymo ijodini o‘rganish chinakam inson hayoti qanday bo‘lishi kerakligi haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lish mumkinligi haqida so‘z boradi. Aslida, bu ikki zot ijodi o‘zga-o‘zga olam, binobarin, ularni birlashtirib turguvchi nozik nuqta ham bor: turkiy tilda she’r, so‘z ayta olish, turkiy til nafosatini ko‘z-ko‘z qilish san’ati...

– Alisher Navoiy va Bobur ijodi tahlili, tadqiqoti, ular ilgari surgan g‘oyalar nafaqat o‘zbeklar, balki jahon xalqlari uchun ham ulkan ilmiy-madaniy boylikdir, – dedi Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniy ishlar bo‘yicha mas’uli Muhammadsobir Turkistoniy “O‘zA” muxbiriga. – Afg‘oniston o‘zbeklari qadriyatlarimiz bilan bog‘liq ayyomlarni avval ham o‘tkazgan, hozir ham, kelajakda ham o‘tkazadi. Zero, Navoiy bobomiz Hirotda tug‘ilgan. Demak, ul zot Afg‘onistonning ham, O‘zbekistonning ham farzandi. Buyuk vatandoshimiz xotirasini yod etish, merosini asrash burchimiz.

Muharrama Pirmatova, O‘zA