Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
10:19 / 2023-05-26

O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning sayyohlik durdonasi

Iordaniya poytaxti Amman shahrida joylashgan xususiy axborot agentligi – “Ammon News” “O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning sayyohlik durdonasi” sarlavhali maqola e’lon qildi.

“O‘zbekiston Respublikasi turizmi jahon ahlini olis tarixga, buyuk alloma va mutafakkirlari bilan mashhur shaharlarga yetaklaydi. O‘ziga xos sayyohlik maskani sifatida bu yurt o‘ziga xos ilm-fan durdonalari, bilimga to‘la tarixidan so‘zlashi barobarida nufuzli mavqei, go‘zal tabiati, mehmondo‘st xalqi hamda dong‘i ketgan milliy taomlari bilan har qanday kishini o‘ziga maftun qiladi.”

Shunday satrlar bilan boshlangan maqolada azim Toshkent ta’rifi chiroyli bayon etilgan. Hazrati Imom majmuasidan taralayotgan nur, Usmon Mushafi, Baroqxon madrasasi, qadim shahar ko‘chalari, “Eski jo‘va” bozori, Ko‘kaldosh madrasasidan tortib, shahar markazida qaynayotgan hayot, favvoralar hamda rang-barang oqshom chiroqlariga alohida to‘xtalgan.

Xiva, Samarqand, Buxoroning tarixiy obidalari – minoralar, arxeologik madaniy yodgorliklarida namoyon salohiyati bilan ajralib turuvchi sehrli diyor dunyo sayyohlarining sevimli manziliga aylanib borayotgani ta’kidlangan.
– O‘zbekiston fuqarolari yuksak tamaddun vorisi bo‘lmish xalqning qoniga singib ketgan mehmondo‘stlik fazilati bilan barchani rom etadi, – deyiladi yana maqolada. – Mehmon uchun doimo qo‘lidan kelganicha yaxshilik qilishga tayyor. Aynan mehr-oqibat o‘zbekni boshqalardan ajratib turadi.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA