Mamlakatimizda 2023 yil 1 yanvaridan boshlab chet davlat fuqarolariga ular tomonidan O‘zbekiston hududidagi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlaridan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to‘langan QQS summasi “TAX FREE” tizimi orqali qaytarib beriladi.
Buxoroda ushbu pul mablag‘larini qaytarishni rasmiylashtirish jarayonlari Buxoro xalqaro aeroportida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Soliq servis” unitar korxonasining servis shoxobchasi orqali amalga oshiriladi.
Mazkur shoxobcha o‘z ishini boshladi.
Shoxobchaning ochilish marosimida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Soliq servis” unitar korxonasi, viloyat davlat soliq va bojxona boshqarmalari hamda Buxoro xalqaro aeroporti mas’ullari qatnashdi.

Ta’kidlanishicha, “TAX FREE” respublikaning barcha hududlaridagi chakana savdo ob’ektlarida qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Buning uchun chet davlat fuqarosi “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tishi va xaridlari bo‘yicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kerak.
“TAX FREE” summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisobvarag‘iga o‘tkazib berish tizim operatori “Soliq-servis” DUK tomonidan amalga oshiriladi.
Buxoro viloyati DSB matbuot xizmatining xabar berishicha, “TAX FREE” summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangandan so‘ng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin qaytariladi.
Zarif Komilov,
O‘zA