Jamiyatda ekologik huquqiy bilimlarni oshirish va atrof muhitga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish maqsadida Urganch shahrida maktab hamda kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida "Siz ekologiyaga oid qonunni bilasizmi?" respublika ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichlari bo‘lib o‘tdi.
Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlovning tuman va shahar bosqichlarida qatnashish uchun viloyatdagi 540 ta umumta’lim maktabidan 4320 nafar o‘quvchining arizalari qabul qilingan bo‘lsa, kasbiy ta’lim muassasalarining 25 ta jamoasidan 200 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ishtirok etib, saralash bosqichlarida o‘zlarining ekologiya qonunchiligiga oid bilim va iqtidorlarini sinovdan o‘tkazishdi.
– Insonlar tabiatsiz yashay olmaydi. Shuning uchun tabiatni asrashga barcha birdek mas’ul, – deydi viloyat ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mutaxassisi Ro‘zmamat Ro‘zmetov. – Bu kabi tanlovlar yoshlarning ekologik huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, huquqiy immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tanlovning ikkita yo‘nalishida ham maktab, sektor va tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 13 tadan jamoalar viloyat bosqichida ishtirok etishdi. Ular 4 ta shart asosida bahslashdi. Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan “Ekologiyaga oid qonunlar, biologik turlilikni himoya qilish, havo va suv resurslarini saqlash, shuningdek, ekologik xavfsizlikni ta’minlash" kabi mavzularda berilgan savollarga javob berishdi.
Natijaga ko‘ra, kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida b1-o‘rinni, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini Yangibozor tumani 2-son politexnikumining “Tabiat nafasi” jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘ringa Bog‘ot tumani 1-son politexnukumining “Yosh ekologlar”, 3-o‘ringa Urganch shahar 2-son politexnukumining “Yashil voha” jamoalari munosib deb topildi.
Tanlovning umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan viloyat bosqichida Urganch shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan iborat “Yosh ekologlar” jamoasi birinchi, Qo‘shko‘pir tumani 9-sonli umumta’lim maktabining “Musaffo osmon” jamoasi ikkinchi va Urganch tumani 7-son umumta’lim maktabining “Zamin posbonlari” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar Xorazm viloyat ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari