O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, korxona, tashkilot, muassasalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar hamda uy bekalari uchun e’lon qilingan “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarining viloyat bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini yuksaltirish, iqtisodiy imkoniyatini oshirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ta’kidlandi.

Tanlovning quyi bosqichida shahar va tumanlardan jami 363 dan ortiq ayol o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi. Viloyat bosqichiga o‘tgan 102 nafar talabgor ishlari 11 ta nominatsiya bo‘yicha tanlov hay’at komissiyasi tomonidan o‘rganildi.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘zlarining ulkan hissasini qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo‘lish bilan birga tashkilotlar nufuzini oshirishda ilg‘or bo‘lgan turli soha hotin-qizlarning mehnatlari ayni shu tanlovda e’tirof etildi.

Nizom shartiga muvofiq, tanlovda 35 yoshdan yuqori bo‘lgan, o‘z yo‘nalishi va mutaxassisligida kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan ayollar, qolaversa, uy bekalari ishtirok etdi. Ularning 12 nafari tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ular orasidan Urganch davlat pedagogika instituti rektori Feruza Madrahimova 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, har bir tashkilotda gender tenglikni ta’minlash, gender tenglikka erishish masalalariga jamoatchilik e’tiborini keng jalb etish, bu borada ilg‘or tajribalarni aniqlash, xotin-qizlar va erkaklarning teng xuquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovida tuman va shahar bosqichlarida 62 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ulardan 8 nafar nomzod turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilib, tanlovning respubilka bosqichiga yo‘llanma oldi.


-- Har yili jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida “Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarini o‘tkazish an’anaga aylangan, --deydi Xorazm viloyati oila va xotin- qizlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimining o‘rinbosari Nigora Qutlimurodova.-- Joriy yilda ham ushbu tanlovlar bo‘yicha belgilangan bosqichlar asosida g‘oliblar aniqlandi. Ta’kidlash joizki, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikka erishgan ishtirokchilar o‘z faoliyatlari davomida eng ilg‘or va tashabbuskorlari sanaladi. Har ikkala tanlov g‘oliblariga mamlakat bosqichida omad yor bo‘lsin.

G‘oliblarga viloyat hokimligi va tashkilotchilarning tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Shokirov, O‘zA muxbiri