Yurtimizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi ko‘p ming yillik tarixga ega ko‘hna shaharlari ochiq osmon ostidagi muzey shaharlar sifatida ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb etib keladi. Bu shaharlarimizda qad rostlab turgan mahobatli tarixiy obidalar, masjidu maqbaralar, minorayu qal’alar, ziyoratgohlar o‘z tilsimi, sir-sinoati, ko‘rku tarovati bilan kishini hayratga soladi. Shu bois ham tarixiy, madaniy meros ob’ektlari joylashgan manzillar, tarixiy shaharlarimiz doimo sayyohlar va mehmonlar bilan gavjum bo‘ladi.
Mamlakatimizning ushbu sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanishga, turizm sohasini rivojlantirish asosida mazkur maskanlarga sayyohlar oqimini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 14 iyun kuni qabul qilingan «2021-2022 yillarda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham ana shunday amaliy sa’y-harakatlarning biri desak, o‘rinli bo‘ladi.
Mazkur hujjatda Xorazm viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni yanada rivojlantirish, zamonaviy turizm infratuzilmasi, yangi dam olish maskanlarini barpo etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, turizm sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga doir qator ishlar amalga oshirilishi belgilangan.

Qarorga ko‘ra, 2021-2022 yillarda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi va unda bir qator vazifalar o‘z ifodasini topdi. Jumladan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, «turizm mahallalari»ni tashkil etish, tashrif buyuruvchi turistlar uchun qo‘shimcha xizmat turlari va qulay shart-sharoitlar yaratish, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, madaniy ko‘ngilochar tadbirlar va festivallarni tashkil etish hamda yoshlarni sportga jalb qilish, ekoturizm, tibbiyot, ta’lim hamda etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik turizmini rivojlantirish masalalari nazarda tutilgan. Bundan tashqari, turizm loyihalariga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni hamda moliya institutlarining grant mablag‘larini jalb qilish belgilangan.
2021 yil 1 iyuldan boshlab Xiva shahridagi YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarining qo‘riqlanadigan tegrasidan tashqari, yer uchastkalari mehmonxonalar qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion orqali taqdim etiladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, «Shovot kichik turizm zonasi direksiyasi» davlat unitar korxonasi, Urganch-Xiva yo‘nalishidagi yo‘l bo‘yi hududlarini o‘z ichiga olgan «Xiva turistik transport koridori» tashkil etiladi.
Bundan tashqari, «Ichan qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasida 2021 yi 1 avgustdan boshlab turizm mavsumi davomida har kuni soat 5:00dan 24:00gacha bo‘lgan ish tartibi o‘rnatiladi, turli spektakl shoulari, havo sharida ekskursiya, majmua tarixi haqida qisqa metrajli filmlar namoyishi tashkil qilinadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur qarorda ko‘zda tutilgan barcha chora-tadbirlar, maqsad-vazifalar Xorazm viloyatining mavjud turizm salohiyatidan maqsadli foydalanish bilan birga, uni yanada rivojlantirish, sayyohlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga zamin yaratadi. Birgina turizm mahallalarining tashkil etilishi ko‘hna Xorazmning azaliy qadriyatlari, urf-odatlari, hunarmandchiligi, madaniyati, san’ati, qolaversa, milliy taomlarini keng namoyish etish imkonini yuzaga keltiradi. Bu esa, o‘z navbatida, sayyohlarni yanada keng jalb etish barobarida, aholining ish bilan bandligiga, daromadlarining ortishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA