Urganch shahrida “Hamshira-2025” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Hamshiralarning kasbiy bilim va malakalarini oshirib borishni qo‘llab - quvvatlash, faoliyati davomida yaxshi natijalarga erishib kelayotganlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ular faoliyatini ommalashtirish, o‘z kasbining mohir egalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tashkil qilingan tanlovda viloyatdagi tuman va shahar davolash- profilaktika muassasalari, tibbiyot birlashmalaridan saralangan hamshiralar ishtirok etdi.

Tanlov ishtirokchilari to‘rtta shart asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
– Tanlov tasdiqlangan nizom shartlari asosida o‘tkazildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hamshirasi Bikajon Matjonova. – Unda hamshiralarning mahorati murojaat qilgan bemorlarni qabul qilish, ahvolini aniqlash va tibbiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy- siyosiy bilimlarga oid shartlar bo‘yicha baholandi. Ishtirokchilar nazariy hamda ijtimoiy - siyosiy savollarga zukkolik va chaqqonlik bilan javob berishga harakat qildi.

Hamshiralar bilim va mahorat borasida bir- birlaridan aslo qolishgani yo‘q. Kimdir amaliyotda, kimdir nazariy, ijtimoiy- siyosiy jihatdan, kimdir esa o‘z bilim va iste’dodi bilan hakamlar hay’ati e’tiboriga tushdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yangibozor tuman tibbiyot birlashmasi qabul hamshirasi Dilafro‘z Xalilloyeva yilning eng yaxshi hamshirasi deya, e’tirof etildi.

Bog‘ot tumanidagi 3-son oilaviy poliklinikasi hamshirasi Dildora Davletova 2-o‘rin, Yangiariq tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi Sohiba Botirova esa 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
G‘oliblar, faol ishtirokchilar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, O‘zbekiston hamshiralar assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari