Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmning eng faol nuroniylari
16:31 / 2025-10-28

Dunyoda glaballashuv jarayonlari kechayotgan bir paytda ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxon va onaxonlarning boy hayotiy tajribasi yosh avlod ta’lim- tarbiyasi hamda yosh oilalar mustahkamligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimiz bo‘ylab “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul”  ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.  Urganch tumanida ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.   

– Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlab, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida totuvlik va ahillik muhitini yaratish, yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda nuroniylarning o‘rni juda muhim, – deydi "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Erkin Otajonov. – Mazkur tanlov esa ana shunday nuroniylarni aniqlash va rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Tanlovning quyi bosqichlarida 509 ta mahalladan ana shuncha nuroniy qatnashdi. Ularning har biri o‘ntadan, ya’ni 5 ming 90 nafar ijtimoiy ahvoli va tarbiyasi og‘ir, ishsiz yoshlarga mas’ul bo‘lishdi.   

Tanlovda tuman (shahar) bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan nuroniylar uch shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.  Ular o‘z hayotiy tajribalarida, mahallasida “Bir nuroniy o‘n nafar yoshga mas’ul”loyihasi asosida amalga oshirgan ishlarni tadbir ishtirokchilari va hakamlar hay’ati a’zolari oldida namoyish etishdi.  

Yakuniy natijalarga ko‘ra,  Bog‘ot tumani Yangi qadam mahallasi nuroniysi Safo Bobojonov uchinchi, Urganch shahri Yangi hayot mahallasi vakilasi Sanobar Nurmetova ikkinchi va Xiva tumani Parchanxos mahallasi nuroniysi Abdurasul Jumaniyozov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Abdurasul Jumaniyozov endilikda tanlovning mamlakat bosqichida vohalik nuroniylar nomidan qatnashadi.

Yoshlar tarbiyasida nuroniylarning boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, oilalar mustahkamligini ta’minlashda munosib ishtirok etayotgan keksalarni rag‘batlantirib borish maqsadida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari