Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmliklar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarida faol qatnashmoqda (+video)
16:03 / 2026-01-22

Shu oyning o‘n beshinchi sanasidan boshlab, yurtimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning onlayn bosqichi davom etmoqda.

Ushbu muhim jarayonda xorazmliklar ham faol ishtirok etib, joylarda aholini ro‘yxatga olish ishlari samarali tashkil qilinib, fuqarolarga tushuntirish va amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.  

–  Aslida BMT tavsiyasiga ko‘ra, mazkur jarayon har bir mamlakatda o‘n yilda bir marotaba o‘tkazilishi lozim, – deydi Xorazm viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hakimboy Egamov. – Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan yurtimizda nafaqat aholi, balki qishloq xo‘jaligini ham qo‘shib ro‘yxatga olish belgilangan. Shu bois o‘tkazilayotgan tadbirlar mamlakatimiz kelajagi uchun juda muhimdir. Viloyatimizda 509 mahalla bo‘lib, Tuproqqal’a tumanining olis hududida joylashgan mahallalarda ro‘yxatga olish ishlari 2025 yilning noyabr oyida yakunlangan. Qolgan 505 ta mahallada jarayonlar onlayn davom etmoqda. Ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar OneID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tib, so‘ng census.stat.uz portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ushbu jarayonda xorijda bo‘lgan vatandoshlarimiz ham ishtirok etishlari mumkin.    

Ayni paytda ko‘pchilik fuqarolar o‘zlari mustaqil ravishda belgilangan tartibda onlayn ro‘yxatdan o‘tmoqda. Bunga biroz qiynaladigan yurtdoshlarimiz uchun viloyat statistika boshqarmasida 24 soat ishlaydigan “KOLL markaz” tashkil etilgan. Ular fuqarolarda tug‘ilishi mumkin bo‘lgan barcha masalalarga telefon orqali javob berishadi.

–  Menga “OneID” degan tizim, so‘ng census.stat.uz portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tasan. deyishganida ozroq ikkilandim, – deydi uraganlik nuroniy Otaxon Sobirov. – Farzandlar, kelinlar ishda, nevaralar esa maktabda.  Mahallamdagilardan statistika boshqarmasi nomerini topib qo‘ng‘iroq qildim. Uzog‘i o‘n daqiqada ularning ko‘magi bilan ro‘yxatdan o‘tdim. Yetmishdan ortiq savollarga javob berdim. Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim bo‘lgan savollar bor ekan. O‘ylaymanki, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning bosh maqsadi mamlakatdagi aholi soni, uning jinsiy va yosh tarkibi, ijtimoiy holati, bandlik darajasi, ta’lim va turmush darajasi haqida to‘liq va aniq ma’lumot yig‘ishdan iborat. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligidagi yer maydonlari, hayvonlar turi, dehqon va fermer xo‘jaliklari soni, mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha haqqoniy statistik ma’lumotlar yaratiladi.  

[gallery-27244]

Urganch shahrida aholini ro‘yxatga olish jarayoni ham qizg‘in davom etmoqda. Xususan, bugungi kunda viloyatdagi barcha mahallalarda tashkil etilgani kabi shaharning Kamolot mahallasida ham mahalladoshlarga ko‘maklaklashuvchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.    

–  Mahallamizda 1500 dan ortiq fuqaro 500 dan ortiq xonadonda istiqomat qiladi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Davron Otajonov. –Mahalla yettiligi a’zolarining barchasigi ko‘chalar biriktirilgan bo‘lib, ushbu hududdan bo‘ladigan murojaatlarni qabul qiladi va shug‘ullanadi. Fuqarolar yig‘ini binosida ham fuqarolar uchun sharoitlar yaratilgan. Kunning istalgan paytida ularga yordam berilmoqda. Mabodo, sog‘lig‘i yoki jismoniy imkoniyati bilan muammosi bor bo‘lgan fuqarolarimiz murojaat qilishsa, ularning xonadoniga borib, ro‘yxatdan o‘tishlariga ko‘mak bermoqdamiz.  

Shaharning Jingavuz mahallasida esa ayni paytga qadar onlayn ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni 90 foizdan oshgan.  

–  Mahallamiz aholisining asosiy qatlami ziyolilardan iborat, – deydi mahalla xotin - qizlar faoli Nigora Qilicheva. – Shu sababdan mazkur jarayonlar bizga unchalik qiyinchilik tug‘dirayotgani yo‘q. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha o‘zimiz ham uch marta o‘qidik. Targ‘ibot ishlarini faol olib bordik. Ijtimoiy tarmoqlarda mahallamiz aholisi uchun ochilgan guruhlar mavjud. Bizga murojaat va savollar asosan ijtiomiy tarmoqlar orqali kelib tushadi. Hozir mulki bizda, lekin o‘zi boshqa joyda yoki oilaviy xorijda bo‘lgan mahalladoshlarimiz bilan bog‘lanib, ularning ham ro‘yxatdan o‘tishlarini ta’minlamoqdamiz.

Xorazm viloyatining barcha mahallalarida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazishga qaratilgan muhim tadbirlar davom etmoqda.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wpl8LUAZH5Q" title="Xorazmliklar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarida faol qatnashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari