FOTOREPORTAJ
Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Yoshlar” sport majmuasida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat Kengashi hamkorligida “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Ta’kidlash joiz, 2021-yildan boshlab mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa minglab yoshlarni birlashtirib, kuch va bilimni sinovchi haqiqiy bahs maydoniga aylanib ulgurdi.
Musobaqada 11 ta tuman hamda Urganch va Xiva shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan maktablarning yuqori sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilardan iborat jami 13 ta jamoa shiddatli bahslarda o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, bellashuvda har jamoadan 7 nafar o‘g‘il bola va 3 nafar qiz ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Jamoalar “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Safda qo‘shiq aytish”, “Temur tuzuklari” bilimdoni”, “Turnikda tortilish”, “Vatan tayanchi yulduzlari” shartlarida o‘z mahoratini namoyish etdi.
[gallery-16907]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Xonqa tumanidagi 40-umumta’lim maktabining “Vatanparvarlar” jamoasi musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Gurlan tumanidagi 42-maktabning “Sher” jamoasi faxrli ikkinchi o‘ringa loyiq, deb topildi. Yangiariq tumanidagi 5-umumta’lim maktabining “Jasorat” jamoasi shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, “Eng kuchli sportchi”, “Eng yaxshi mergan”, “Temur tuzuklari” bilimdoni” hamda “Eng yaxshi ijrochi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Ulug‘bek Do‘smatov ishtirok etib, o‘sib kelayotgan yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni e’tirof etdi. Bu kabi musobaqalar yoshlarda liderlik xususiyatini shakllantirib, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini odat qilishga targ‘ib etishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, kubok, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv-sport texnika klublari tomonidan namoyish etilgan sport texnikalari hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism tomonidan namoyish etilgan qurol-aslaha ko‘rgazmasi yoshlarda katta taassurotlar qoldirdi.
Behzodbek SAIDOV (surat), O‘zA