Urganch garnizonidagi harbiy qismlarning biri hamda Yoshlar markazida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Xorazm viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat kengashi, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi hamda Urganch harbiy prokuraturasi hamkorligida “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining kubogi uchun “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining Xorazm viloyati bosqichi o‘tkazildi.
Ta’kidlash joizki, 2021 yildan boshlab mart-may oylarida mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa minglab yoshlarni birlashtirib, ularga kuch va bilim sinashish uchun haqiqiy bahs maydoniga aylandi.
Musobaqada tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan maktablarning yuqori sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilardan iborat jami 13 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, bellashuvda har jamoadan 7 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz bola ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Harbiy-sport musobaqasining “Merganlar bellashuvi”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Turnikda tortilish” hamda “Orqa bilan yotgan holatdan tanani ko‘tarish”, “Bilimdonlar” shartlarida ishtirokchilar yuqori natijalarni qayd etishdi.
[gallery-22803]
– “Arqon tortish” bellashuvida yoshlar jamoada bir yoqadan bosh chiqarib, birdamlikda ishlashni namoyish etib, kuchli raqobatlashdi, – deydi Xorazm viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Mamajonov. – “Safda qo‘shiq aytish” deb nomlangan keyingi shartda jamoalar safda shaxdam qadamlar bilan yurib, harbiycha qo‘shiqlarni jonli ijro etishi belgilangan. Mazkur shartni baholash mezonlariga ishtirokchilarning harbiycha ust-bosh kiyim rusumi, uni saranjom kiyishi, o‘zini safda tutishi hamda qo‘shiqni bir maromda kuylashi kiradi.
Musobaqa nizomiga yangi kiritilgan “Smart sardor” ixtirochilik tanlovida ishtirokchilar o‘zlari ixtiro etgan robototexnika yoki boshqa zamonaviy loyihalarni taqdim etishdi.
G‘olib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimida ishtirok etganlar o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun mamlakatimizda berilayotgan e’tibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni e’tirof etishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha shartlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan Urganch tumanidagi 19- umumta’lim maktabining “Yengilmaslar” jamoasi shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Xonqa tumanidagi 40- maktabning “Sulton Jaloliddin” jamoasi ikkinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
Musobaqaning mutlaq g‘olibligi esa Qo‘shko‘pir tumani 16- umumta’lim maktabining “Jaloliddin Manguberdi” jamoasiga nasib etdi. Ushbu jamoa musobaqaning yakuniy bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari