Xabaringiz bor, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tashkil qilingan V yoshlar Para Osiyo o‘yinlari (Asian Youth Para Games - Dubai 2025)da o‘zbekistonlik para sportchilar yuksak ko‘rsatkichlar qayd etishdi.
Unda hamyurtlarimiz bellashgan har bir sport turi bo‘yicha ko‘p marta oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlandilar.

Sport delegatsiyamiz jamg‘armasini Xorazm viloyati Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi para yengil atletikachisi Yo‘ldoshbek Hajiyev ham o‘zining eng yuqori qiymatli uchta medali bilan boyitdi. Xususan, u o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan (U-17) para sportchilarning F-40/41 sinfida yadro, disk va nayza uloqtirish bahslarida raqiblariga imkoniyat qoldirmasdan, uchta oltin medalning egasiga aylandi.
Natijada xorazmlik atlet yoshlar Para Osiyo o‘yinlarining uch karra chempioni sifatida tarixga kirdi.

—Mazkur musobaqada qit’amizning 35 davlatidan 1500 nafarga yaqin para atlet ishtirok etdi,—deydi xorazmlik murabbiy Alibek Ahmedov. — O‘zbekiston delegatsiyasi 124 nafar sportchidan iborat bo‘ldi. Sportchilarimiz 6 ta sport turida – para yengil atletika, para taekvando, para bocha, para suzish, para armrestling va para pauerlifting bo‘yicha g‘oliblik uchun kurashdi. Terma jamoamizning para yengil atletikachisi Yo‘ldoshbek Hajiyevning yutuqlari nafaqat Xorazm viloyati, balki butun O‘zbekiston sport jamoatchiligi uchun katta g‘urur va ilhom manbai bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, bunday yuqori natijalar mamlakatimizda para sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy samarasidir.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA