Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmlik suvchilar uchun seminar
17:00 / 2026-02-12

Xorazm viloyati Gurlan, Yangibozor va Yangiariq tumanlarida suv xo‘jaligi xodimlari uchun ko‘rgazmali seminarlar tashkil etildi. 

Orolbo‘yi mintaqasiga kiruvchi Xorazm vohasi yurtimizning boshqa hududlaridan farqli o‘laroq yil davomida ekin maydonlarini sug‘orishdan tashqari sho‘r yuvish davri ham bor. Shu sababdan kanallardan foydalanish davri ham ko‘proq, ya’ni kanallarda suv uzoq vaqt oqadi. Shu sababdan suv yo‘qotishlarni kamaytirish va tez oqishini ta’minlashda kanallarni betonlashtirish muhimdir. Biroq, betonlashtirishga kuz va bahor mavsumida kam vaqt qoladi. 

Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish hamda yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida Xorazm viloyatida so‘nggi uch yil davomida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 3 ming 700 kilometrdan ortiq ichki ariqlar, 67 kilometr xo‘jaliklararo va magistral kanallar betonlashtirildi.

Shuningdek, zamonaviy energiya tejamkor nasoslar o‘rnatilib, nasos agregatlariga quyosh panellari joylashtirildi. Bu chora-tadbirlar natijasida 2025-yilda jami 800 million kub metr suv tejalishi, 135 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilinishi kutilmoqda. Natijada tarmoqning iqtisodiy samaradorligi 10–15 foizga oshishi ta’minlanadi.

[gallery-27626]

Mazkur tashabbuslar Prezidentimiz tomonidan yuksak baholanib, “Xorazm tajribasi” bugungi kunda butun respublika miqyosida keng ommalashtirilmoqda.

– Viloyatimizdagi suv oluvchi maydonlarga xizmat ko‘rsatuvchi 2 ming 240 kilometr sug‘orish tarmoqlari mavjud, – deydi “Chapqirg‘oq Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Jumaniyozov. – O‘tgan yil davomida jami 533 kilometr kanal betonlashtirildi. Jumladan, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi balansidagi 200 kilometr, shuningdek, fermer xo‘jaliklari va klasterlarga qarashli 1600 kilometrdan ortiq kanallarda betonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Joriy yilda ham ushbu ishlar izchil davom ettirilib, yana 52 kilometr xo‘jaliklararo va magistral kanallarni betonlashtirish rejalashtirilgan. Betonlashtirish ishlarini sifatli va qisqa muddatlarda bajarish maqsadida 30 dan ortiq maxsus texnika va qariyb 400 nafar ishchi jalb etilgan.

Seminarda yerlarni lazerli tekislash, diskretli, yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish ko‘rgazmalari tashkil etildi. Suv tejovchi texnologiyalar namoyish etildi. 

Gurlan va Yangibozor tumanida olib borilayotgan ichki ariqlarni betonlashtirish ishlari namuna tarzida ko‘rsatildi. 

Seminarning uchinchi qismi Yangiariq tumanida davom etdi. Unda viloyat suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari tasarrufidagi suv havzalari atrofidagi yer maydonlaridan samarali foydalanish, shuningdek, yordamchi xo‘jaliklar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda “Chapqirg‘oq Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tizimida 600dan ortiq nasos stansiyalari mavjud bo‘lib, ularning 100dan ortig‘i bino bilan ta’minlangan. Ana shu stansiyalardagi bo‘sh yer maydonlari va suv bo‘ylarida chorva, qo‘y, parranda, quyon va asalari boqishning imkoni bo‘lib, yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish mumkin.

Tadbirda yordamchi xo‘jaliklarining foydali jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu borada Yangiariq tumanidagi “Jirmiz” nasos stansiyasi yordamchi xo‘jaligi namuna bo‘ladi. 

– Nasos stansiyada to‘rt nafar xodim xizmat qiladi, – deydi “Chapqirg‘oq Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i Orifjon Toxirov. – Yordamchi xo‘jaligimizda 5 ta qoramol, 30 ta qo‘y, 10 ta echki, 60 bosh quyon, 60 ta o‘rdak, 60 ta tovuq va ikki yashik asalari boqilmoqda. Shu yerda yetishtiriladigan tuxum, asal, baliq, go‘sht va sut, meva va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishchi-xodimlar ehtiyoji uchun sarflanadi. Ortiqchasi esa bozor rastalariga olib chiqiladi. Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad esa ishchi xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Barcha hududlarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib borayotgani alohida ta’kidlanmoqda. Shu munosabat bilan har yili milliardlab mablag‘ yo‘naltirilayotgan suv xo‘jaligi tizimida hisob-kitob ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish muhim vazifa ekani qayd etildi. Shuningdek, tashkil etiladigan yordamchi xo‘jaliklar tizim xodimlari uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (Surat), O‘zA muxbirlari