Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmdagi “Yangiariq” poligonida batalon-taktik o‘quvi o‘tkazildi
09:49 / 2021-03-14

Urganch garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida rejaga asosan batalon taktik o‘quvi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, jangovar bo‘linmalarning harakatchanlik, o‘zini o‘zi boshqarish darajasini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan murakkab mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning har xil usullarda shaxsiy tarkibni o‘quv-jangovar vazifalarni sifatli amalga oshirish, soha bo‘yicha yangi usul va uslublarni o‘zlashtirish va tajriba almashishida, mamlakatimiz xavfsizligiga qarshi qaratilgan har qanday tahdid va xatarlarga qarshi tezkor hamda samarali javob berish qobiliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Urganch garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida jiddiy sinov mashg‘ulotlari o‘tkazilib, unda bo‘linmalarning o‘quv yili davomida egallagan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tkazildi. Shuningdek, dala o‘quv maydonida batalon shaxsiy tarkibi tomonidan jangovar texnika va o‘qotar qurollar yordamida amalda jangovar taktik o‘quvi bajarildi.

Erta tongda harbiy okrug boshqaruv apparatidan kelgan xabarga ko‘ra harbiy qismda “Trevoga!” signali e’lon qilinib, bo‘linmalarni yuqori jangovar shaylik holatlariga keltirish bo‘yicha belgilangan barcha elementlar bajarildi. Xususan, butun shaxsiy tarkib ogoh etilib, bo‘linmalar jamlanish maydonida qisqa vaqt ichida saf tortdi.

Sovuq tunda mudrab yotgan texnikalar birpasda uyg‘onib, o‘quv-jangovar vazifalarni bajarishga tayyor holatga keltirildi. Dvigatellarning ovozi borliqni larzaga keltirib, har qanday to‘siqni yaqson qilishga qodir jangovar mashinalar bir zumda texnikalarni saqlash parkini tark etishdi.

Ekipajlar shay holatga keltirilgan jangovar texnikalardan joy egallab, safarga chiqish uchun barcha talablarni bajardi. Bir necha daqiqalarda jangovar va harbiy texnikalar harbiy qism hududini tark etib, “Yangiariq” dala o‘quv maydoni tomon yo‘l oldi. Uzoq masofaga marsh holatida yurgan harbiy texnikalardan iborat kolonna Nukus garnizoni harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan boshqarilib, olis manzil tomon eltuvchi yo‘llarda ogohlik va xushyorlik ta’minlandi.

O‘quv mashg‘ulotini maksimal darajada real vaziyatga yaqinlashtirish maqsadida yo‘nalish marshrutida qo‘qqisdan shartli ravishda ommaviy qirg‘in qurollari hamda portlovchi moddalar qo‘llanildi. O‘quv mashg‘uloti shartiga ko‘ra bo‘linmalar kolonna bo‘lib marsh harakatini o‘tkazib, dala-o‘quv maydoniga yetib kelishdi hamda qo‘shinlar joylashuvi va qo‘riqlovni tashkil etdi.

Mashg‘ulot davomida bo‘linma komandirlarining shartli dushmanga qarshi rejalashtirilgan jangni olib borish bo‘yicha qarorlari hamda ushbu harakatlarni bajarishga tayyorgarlik darajasi bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi.

Batalon shaxsiy tarkibi Milliy gvardiya bo‘linmasi bilan shartli dushmanni qo‘rshovga olish bo‘yicha maxsus taktik vazifa bajarib, belgilangan topshiriqlarni tez fursatda ado etishdi.  

Mashg‘ulotni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi kuzatib bordi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati