Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmdagi “Yangiariq” poligonida batalon-taktik o‘quvi o‘tkazildi
09:02 / 2021-03-14

Urganch garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida rejaga asosan batalon taktik o‘quvi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, jangovar bo‘linmalarning harakatchanlik, o‘zini o‘zi boshqarish darajasini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan murakkab mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning har xil usullarda shaxsiy tarkibni o‘quv-jangovar vazifalarni sifatli amalga oshirish, soha bo‘yicha yangi usul va uslublarni o‘zlashtirish va tajriba almashishida, mamlakatimiz xavfsizligiga qarshi qaratilgan har qanday tahdid va xatarlarga qarshi tezkor hamda samarali javob berish qobiliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Urganch garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida jiddiy sinov mashg‘ulotlari o‘tkazilib, unda bo‘linmalarning o‘quv yili davomida egallagan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tkazildi. Shuningdek, dala o‘quv maydonida batalon shaxsiy tarkibi tomonidan jangovar texnika va o‘qotar qurollar yordamida amalda jangovar taktik o‘quvi bajarildi.

Erta tongda harbiy okrug boshqaruv apparatidan kelgan xabarga ko‘ra harbiy qismda “Trevoga!” signali e’lon qilinib, bo‘linmalarni yuqori jangovar shaylik holatlariga keltirish bo‘yicha belgilangan barcha elementlar bajarildi. Xususan, butun shaxsiy tarkib ogoh etilib, bo‘linmalar jamlanish maydonida qisqa vaqt ichida saf tortdi.

Sovuq tunda mudrab yotgan texnikalar birpasda uyg‘onib, o‘quv-jangovar vazifalarni bajarishga tayyor holatga keltirildi. Dvigatellarning ovozi borliqni larzaga keltirib, har qanday to‘siqni yaqson qilishga qodir jangovar mashinalar bir zumda texnikalarni saqlash parkini tark etishdi.

Ekipajlar shay holatga keltirilgan jangovar texnikalardan joy egallab, safarga chiqish uchun barcha talablarni bajardi. Bir necha daqiqalarda jangovar va harbiy texnikalar harbiy qism hududini tark etib, “Yangiariq” dala o‘quv maydoni tomon yo‘l oldi. Uzoq masofaga marsh holatida yurgan harbiy texnikalardan iborat kolonna Nukus garnizoni harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan boshqarilib, olis manzil tomon eltuvchi yo‘llarda ogohlik va xushyorlik ta’minlandi.

O‘quv mashg‘ulotini maksimal darajada real vaziyatga yaqinlashtirish maqsadida yo‘nalish marshrutida qo‘qqisdan shartli ravishda ommaviy qirg‘in qurollari hamda portlovchi moddalar qo‘llanildi. O‘quv mashg‘uloti shartiga ko‘ra bo‘linmalar kolonna bo‘lib marsh harakatini o‘tkazib, dala-o‘quv maydoniga yetib kelishdi hamda qo‘shinlar joylashuvi va qo‘riqlovni tashkil etdi.

Mashg‘ulot davomida bo‘linma komandirlarining shartli dushmanga qarshi rejalashtirilgan jangni olib borish bo‘yicha qarorlari hamda ushbu harakatlarni bajarishga tayyorgarlik darajasi bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi.

Batalon shaxsiy tarkibi Milliy gvardiya bo‘linmasi bilan shartli dushmanni qo‘rshovga olish bo‘yicha maxsus taktik vazifa bajarib, belgilangan topshiriqlarni tez fursatda ado etishdi. 

Mashg‘ulotni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi kuzatib bordi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati 

Har bir batalon va vzvod imkoniyatlarini, shuningdek, jangovar vazifalarni bajarishda tanlangan usullarning maqsadga muvofiqligi va mavjud vaziyatga aynan mos kelishini, bo‘linmalarning bir-birining o‘rnini qay darajada bosa olishi va shaxsiy tarkibning turdosh mutaxassisliklarni qanchalik puxta egallagani nuqtai nazaridan baholash, har qanday tajovuzga o‘z vaqtida va munosib zarba berish qobiliyatini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar qo‘shinlar faoliyatida o‘z ijrosini topmoqda.

Davlatimiz rahbarining belgilab bergan ana shunday dolzarb vazifalari ijrosi yuzasidan hamda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida o‘quv yili rejasiga muvofiq dala o‘quv maydonlarida guruhning jangovar o‘q otish mashqlari, vzvod, batalon va brigada taktik o‘quvlari hamda qo‘shinlar hamkorligidagi kompleks taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib kelinmoqda.

– Ofitser va serjantlarning bergan nazariy bilimlarini dala o‘quv-taktik mashg‘ulotlarida amaliy jihatdan mustahkamlashimiz jangovar qobiliyatimizni oshirishning muhim omili hisoblanadi, – deydi harbiy qismlardan biridagi mashg‘ulotlarda safdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan kichik serjant Dilshod Donaboyev. – Bizning zimmamizga aziz Vatanimiz sarhadlarini, xalqimiz, ota-onamiz tinchligi va osoyishtaligini qo‘riqlashdek mashaqqatli, ammo muqaddas vazifa yuklatilgan ekan, qasamyodimizga sodiq qolgan holda uni sharaf bilan ado etamiz.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda jangovar bo‘linmalar - vzvod, batalon hamda brigada oldida turgan vazifalar har qachongidan-da mas’uliyatli. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun yuksak tayyorgarlikka ega bo‘lgan professionallar, o‘z ishining mohir ustalari, shuningdek, qo‘yilayotgan yangi vazifalarga mos keluvchi, strategik va taktik fikrlovchi komandirlar yetakchilik qilishmoqda. Tabiiyki, bo‘linma oldiga qo‘yilayotgan vazifalarning murakkablashuvi va kengayishi, uning roli keskin kuchayishi bilan bo‘linma komandirlariga va ularning professional tayyorgarligiga nisbatan talablar ham oshib bormoqda. bugungi kunda bo‘linma komandirlari har tomonlama keng bilim va yuksak professional mahoratga ega ofitser bo‘lishi, favqulodda va keskin sharoitlarda mustaqil ravishda nostandart qarorlar qabul qila olishi, o‘ziga bo‘ysunadigan bo‘linmalarni jangda ham, kundalik faoliyatda ham mohirlik bilan boshqara olishi darkor. O‘quv yili rejasiga asosan o‘tkazilayotgan amaliy taktik o‘quv mashg‘ulotlari davomida ham amaliyot va nazariyaning uyg‘unligini, mashg‘ulotlarning jangovar sharoitlarga yaqinlashtirilgan holda o‘tkazilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa komandirlar tarkibi uchun mavjud ahvolni har tomonlama baholash va tahlil etish, nostandart qarorlar qabul qilish, mustaqil jangovar vazifalarni bajarish vaqtida bo‘linmalarni mohirlik bilan boshqarish bo‘yicha malakalarni shakllantirish, eng muhimi bo‘linmalarning jangovar shayligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aynan mana shunday dala o‘quv maydonlarida o‘tkazilayotgan amaliy taktik o‘quv mashg‘ulotlarida harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

– bugungi kunda ofitser, serjant va askarlarning harbiy mahoratini oshirish qatorida ular o‘rtasida ma’naviy-mafkuraviy ishlar olib borish muhim vazifalardan biridir, – deydi mayor Umar Hakimov. – Qurolli Kuchlarimizdagi ayni yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, harbiylarimiz Vatanning yagonaligi, tinchlik va osoyishtalikning bebaho ne’mat ekanligini chuqur anglagan holda uni ko‘z-qorachig‘idek saqlash, yurtdoshlarimizning tinch va farovon hayotini, farzandlarimizning baxtli kelajagini ta’minlash ular zimmasidagi muqaddas burch ekanligini qalbdan his etib, doimo o‘z postlarida sergaklar.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, davlatimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, milliy armiyamizni modernizatsiya qilish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish bilan bir qatorda, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, zamonaviy harbiy shaharchalar qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, ularda bugungi kun talablariga, harbiy xizmatchilar va oila a’zolarining ehtiyojlariga javob beradigan barcha qulayliklarni yaratishga qaratilgan davlat dasturi izchil amalga oshirilib kelinmoqda.

Harbiy xizmatchilarni turar-joy bilan ta’minlash dasturiga muvofiq barcha harbiy okruglarda zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Ayni kunda mavjud harbiy qism va muassasalar barcha qulayliklarni o‘zida mujassam etgan yotoqxonalarga ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qaroriga muvofiq ayni kunlarda joylarda yakka tartibdagi zamonaviy tipdagi uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilmoqda.

Harbiy shaharchalarda zarur ijtimoiy infratuzulmani yaratish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida zamonaviy ko‘rinishdagi maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiy muassasalar barpo etish ishlari ham davom ettirilmoqda.

Darhaqiqat, mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyligimiz – xalqimizning tinch va osuda hayotidir. Bu tinchlik va osoyishtalik yurt ravnaqi va xalqimizning farovon hamda baxtli hayot kechirishi uchun asosiy omil bo‘layotgani har birimizning ko‘nglimizda faxr va iftixor tuyg‘usini jo‘sh urdiradi. Bunday lahzalarda har bir inson mustaqillik bergan ulug‘ ne’mat – tinchlik, ozodlik, hurlikka, bugungi dorilamon kunlarga ming bora shukrona keltiradi, albatta.

Elu-yurt tinchligi va osoyishtaligini asrashni, Vatan sarhadlari daxlsizligini himoya qilishni, shu orqali yurt ravnaqiga, aholi farovonligiga hissa qo‘shishni o‘z umrining mazmuni, deb bilgan vatanparvar, fidoyi, mard va jasur farzandlari bor mamlakatning osmoni musaffo bo‘laveradi.

Termiz dala o‘quv maydonida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlarining Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlaridagi vzvod, batalon, brigada, diviziyalari komandirlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun jangovar vaziyatdagi murakkab jarayonlar aks etgan ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil etildi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Axloqiy-ruhiy ta’minot konsepsiyasi ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari dastlab axloqiy-ruhiy ta’minot masalalari bo‘yicha nazariy bilimlarini oshirdi. Bu jarayonda ular tegishli boshqaruv organining axloqiy-ruhiy ta’minot bo‘yicha farmoyishiga muvofiq olingan vazifalarni anglab yetish, vaqt hisobini ishlab chiqish, vaziyatni baholash kabi masalalar bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Dala o‘quv maydonidagi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ruhiy chidamlikni oshirish yo‘lida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar o‘zlarining ruhiy holatlarini sinovdan o‘tkazdi. Shundan so‘ng razvedka to‘siqlari yo‘lagida yaratilgan granata, krokodil, botqoqli, kimyoviy modda qo‘llanilgan to‘siqlar, buzilgan binolardan, suv, devor to‘sig‘idan, yerto‘ladan o‘tish, ikki qavatli binoga oyna darchasidan kirish kabi sahnalashtirilgan jangovar vaziyatlar namoyish etildi.

– Bu mashg‘ulotlar so‘nggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasidir, – deydi Janubiy operativ yo‘nalishi boshqaruvi guruhi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik V.Dadajonov. – Jumladan, joriy yilgacha tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar uchun bu yerdagi o‘q otish maydonida mashg‘ulotlar o‘tkazilar edi, xolos. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari axloqiy-ruhiy konsepsiyasi qabul qilingach, ular ham barcha yo‘laklarni bosib o‘tishi belgilab olindi. Ushbu mashg‘ulot konsepsiyada ko‘zda tutilgan vazifalarni sifatli bajarishda muhim o‘rin tutadi.

O‘t otish maydonida sahnalashtirilgan jangovar vaziyatda yarador bo‘lgan va ruhiy jarohat olgan harbiy xizmatchilarni evakuatsiya qilish, ularning ruhiyatidagi o‘zgarishlar, berilgan vazifani muvaffaqiyatli bajarishga to‘sqinlik qiluvchi omillar, jangchining hayotiga tahdid soluvchi ehtimoliy mafkuraviy va psixologik harakatlarga qarshi kurashish yo‘llari ko‘rgazmali vositalar yordamida ko‘rsatib berildi.

– Mashg‘ulotlar chog‘ida nazariy va amaliy ko‘nikmalarimizni yanada mustahkamladik, – deydi Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor A.Dehqonov. – Ruhiy holatni sog‘lom ushlab turish bo‘yicha yetarli ma’lumot va tajribaga ega bo‘ldik. Shaxsiy tarkibning har qanday vaziyatlarda qo‘yilgan vazifalarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlaydigan yuqori axloqiy-ruhiy holati va boshqa sifatlarini shakllantirish, saqlab turish, tiklash bo‘yicha maqsad hamda vazifalarni teran anglab yetdik. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari axloqiy-ruhiy ta’minot konsepsiyasining mazmun-mohiyati, harbiy harakatlarda ruhiy ta’minlash sohasidagi qarashlar, asosiy tushunchalar, maqsad va vazifalar, yo‘nalishlar, shakl va usullar xususida bilimimizni boyitdik. O‘zaro muloqot qilib, tajriba almashdik.

Mashg‘ulot davomida ishtirokchilar dala hammomi, jangdan keyingi ruhiy-axloqiy oziq-ovqat punkti faoliyati, dala psixologining relaksatsiya musiqalari va videoroliklar yordamida ruhiy zo‘riqishlarni bartaraf etish, tibbiyot punktida yaralangan harbiylarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.