Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmdagi umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi
14:39 / 2025-09-02

Xorazm viloyatida ham “Bilimlar kuni” mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik bayramiga uyg‘un holda nishonlandi.

Ayni damda viloyatda jami 544 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 1 ta Prezident, 1 ta ijod, 14 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 32 ta nodavlat umumta’lim maktabi faoliyat olib bormoqda.  

Hududlarda 2025/2026 o‘quv yili boshlanishi munosabati 20 ta maktab rekonstruksiya qilindi va qurildi. Buning hisobiga 8 ming 880 nafar o‘quvchi o‘rni yangidan yaratildi.

Yangi o‘quv yilida umumta’lim maktablariga 38 ming180 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi.  

O‘quvchilar uchun 12 nomdagi “Prezident sovg‘a”lari o‘z egalariga topshirildi. Shuningdek, ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarda 1-sinfga boradigan 33 ming 550 nafar, ta’lim rus, qozoq va turkman  tillarida olib boriladigan maktablarda 3 ming 392  nafar o‘quvchi uchun darsliklar to‘plami to‘liq tayyorlandi.  

Tuproqqal’a Xorazmning eng chekka va eng kenja tumanlaridan hisoblanadi. Ushbu tumandagi maktablarda ham yangi o‘quv yilining birinchi dars soatlari boshlandi.  

Xorazm viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Saidov Turkmaniston bilan chegaradosh hududdagi 7-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “Birinchi qo‘g‘iroq” tadbirida qatnashdi va o‘quvchilarni samimiy tabrikladi.  Davlatimiz rahbarining tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘i maktabning 1-sinfga qabul qilingan 39 nafar o‘quvchiga “Prezident sovg‘asi” ni ham taqdim qildi. 

[gallery-25129]

– Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya jarayonlari tobora takomillashib borayotgani, har yili ko‘plab yangi o‘quv maskanlari barpo etilayotgani, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani kelajagimiz egalari uchun katta imkoniyatdir, – deydi Shuhrat Saidov. – Chindan ham, ko‘zlari ilmga havas va hayajon bilan chaqnab turgan azmu shijoatli yoshlarimiz  yuksalish va kamolot, baxt va saodat sari intilimoqda. 

Ma’lumot o‘rnida: joriy o‘quv yilida Tuproqqal’a tumanidagi 21 ta umumta’lim, 1 ta ixtisoslashgan va 2 ta xususiy maktabda 12 mingdan ortiq o‘quvchi o‘g‘il-qizlar tahsil oladi. Ularning 1268 nafari shu yil 1-sinfga qabul qilindi.

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari