So‘nggi kunlarda Xorazm viloyatida yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyat hududlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ushbu masalalar atroflicha muhokama etildi.
Viloyat hokimligida tashkil etilgan yig‘ilishda Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi va ishchi guruhi rahbari Qahramon Quronboyev, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov hamda tegishli vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalari va mahalliy hokimiyat vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilish barcha tuman va shaharlar bilan videokonferens aloqa orqali o‘tkazildi.
Asosiy e’tibor yoshlar bandligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish masalalariga qaratildi. Qayd etilishicha, hozirgi paytda ayrim hududlarda yoshlar bilan ishlash borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, “og‘ir toifadagi” yoshlarni o‘z holicha tashlab qo‘yish, ular bilan individual ishlashga mas’ul tashkilotlar tomonidan yetarli e’tibor qaratilmayotgani ta’kidlandi.
[gallery-24465]
Mazkur holatlar natijasida tarbiyasi murakkab yoshlar jinoyat sodir etish holatlariga moyil bo‘lib, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish ishlari samarasiz bo‘lmoqda. Shu sababli huquq-tartibot organlari, ta’lim muassasalari, mahalla raislari va yoshlar yetakchilari hamkorligini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda yoshlarga yer ajratish, ularni tadbirkorlikka jalb etish orqali daromad manbalarini yaratish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. Shuningdek, ta’lim muassasalari bilan mahallalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, har bir yoshni o‘rganib, manzilli yondashuvni kuchaytirish talab etildi.
Yig‘ilish yakunida barcha mas’ul rahbarlar hisobot berib, aniqlangan muammolar yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Yoshlar bilan ishlashga bag‘ishlangan yig‘ilishning uzviy davomi sifatida viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov so‘zga chiqdi.
Yig‘ilishda global axborot xurujlari, yot g‘oyalar ta’siri ortib borayotgan bir paytda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni muhofaza qilish, yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni zamon talablariga moslashtirish, innovatsion usullar asosida olib borish masalalari muhokama etildi.
Yig‘ilish yakunida Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib, yoshlar va ma’naviyat masalalari barcha darajadagi rahbarlar uchun ustuvor vazifaga aylanishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari