30 iyun– Yoshlar kuni
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyiha instituti tomonidan Xorazm viloyatida “Mamlakatda yer siyosatini olib borishda yosh olimlarning o‘rni” mavzusidagi yoshlar forumi o‘tkazildi.
Mamlakatimizning chekka hududlarida yosh yer tuzuvchi olimlar xorijiy tillarni o‘rganib, jahonning so‘nggi texnologiyalari asosida tayyorlangan yer tuzish o‘lchov asboblaridan erkin foydalanishmoqda.
Tizimda yoshlar siyosati bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan “Yoshlar forumi - 2024” doirasida yoshlar mehnat faoliyati, ilmiy, amaliy ishlarida o‘zlariga ishonch va qo‘shimcha motivatsiya bo‘lishi uchun “Vazir va yosh olimlar uchrashuvi” o‘tkazildi. Unda yoshlar qishlok xo‘jaligi vaziri bilan o‘z takliflari va muammolari bo‘yicha yuzma-yuz muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– Yoshlar bilan uchrashuv shuni ko‘rsatayaptiki, bugun o‘g‘il – qizlarimizning dunyoqarashi ancha o‘zgargan, –deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Uchrashuv ishtirokchilarining ko‘pchiligi ingliz tilida bemalol gapiryapti. Bu esa qishloq ho‘jaligi sohasida xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilgan e’tiborning yaqqol natijasidir. Eng muhimi, yoshlar o‘z fikrini erkin va ravon ifoda qilyapti. Ertangi kuniga ishonch bilan gapiryapti. Men bundan xursand bo‘ldim. Biroq ayrimlarida biroz hadikni sezdim.
Prezidentimizning vazirlar bilan yoshlar o‘rtasidagi jarlikni yo‘qotish kerak, degan fikrlari juda to‘g‘ri deb bilaman. Shu sababdan ham bugun Xorazm, Xivada yoshlar forumi doirasida ularni qiynayotgan savollarga javob berdik, muammolarga yechim topdik, fikrlarini inobatga olgan holda men rahbar sifatida o‘zim uchun dastur tuzib oldim. Dastur kelgusida qishloq xo‘jaligi tizimida yoshlar bilan ishlashda juda qo‘l keladi.
[gallery-17968]
Ta’kidlanganidek, tadbirda asosiy e’tibor bugun va kelajak uchun eng muhim tarmoq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratildi.
Xususan, insoniyat uchun zarur oziq-ovqat mahsulotining qariyb 95 foizi agrar sohada yetishtiriladi. Afsuski tahlillarga ko‘ra, cho‘llanish, yer degradatsiyasi va qurg‘oqchilik dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida istiqomat qilayotgan 1 milliarddan ziyod aholi salomatligi va farovonligiga xavf solyapti. Birgina yerning degradatsiyaga uchragan qatlami ortidan keltirilayotgan zarar yil sayin ortib, aholi, chorvachilik va o‘simlik dunyosi uchun katta zarar keltirmoqda.
– Yerning zararlangan qatlamini yaxshilash va yer monitoringini o‘tkazishda ilm-fanni keng joriy etish talab etiladi. Bunda, ayniqsa, yoshlar hissasini oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalaridan samarali foydalanish kun tartibidagi masala. Shu maqsadda yurtimizda ayni yo‘nalishni rivojlantirish va undagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida so‘nggi 5 yilda sohani rivojlantirish uchun 5 ta Prezident farmoni va 9 ta qarori hamda 4 ta hukumat qarori qabul qilindi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi yoshlar yetakchisi Dildora Imomova. – Bugunga kelib mamlakatimizning chekka hududlarida yosh yer tuzuvchi olimlar xalqaro andozalar asosida xorijiy tillarni o‘rganib, jahonning so‘nggi texnologiyalari asosida tayyorlangan yer tuzish o‘lchov asboblaridan (dron, GPS, planshet va boshqalar) erkin foydalanishmoqda.
Uchrashuvda faol yoshlar tashakkurnoma va estalik sovg‘alari, ilmiy kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
– Men ushbu forumda ishtirok etish uchun Andijon viloyatidan qatnashyapman, – deydi forum ishtirokchisi Asadbek Muhammadjonov. – Bu yerda biz nafaqat vazir bilan uchrashib muloqot qildik. Balki o‘z tengdoshlarimiz bilan mazkur sohada respublikamizning har bir viloyatida bo‘layotgan yangiliklardan xabardor bo‘ldik. Fikrlar, tajribalar almashdik. Uchrashuv davomida rahbarlarimizning bizga bo‘lgan ishonchini his qildik. Forum doirasida jamoalar o‘rtasida savol-javoblar turli intellektual o‘yinlar, sohaga oid musobaqa hamda bellashuvlar tashkil etildi.
–Mazkur forumning Xorazm viloyatida o‘tkazilayotgani bejizga emas, albatta, – dedi “O‘zdaverloyiha” bosh direktori Ruhiddin To‘rayev. – Chunki Xorazm agro texnologiyasiga ega bo‘lgan viloyat. Bu yerning qishloq xo‘jaligi respublikamizning boshqa hududlaridan keskin farq qiladi. Kuz- qish paytlarida yerlarning sho‘rini yuvish, sholi yetishtirishdagi o‘ziga xos uslublar bularning barchasi kelgusida shu sohaning egalari bo‘lgan yoshlarimiz uchun muhim omillardir. Shu bilan birga xorazmliklar og‘ir iqlim sharoitida ham yerdan unumli foydalanib, mo‘l hosil olishning hadisini olishgan.
Forum yakunida ishtirokchilar Xiva shahridagi “Ichan qal’a” va “Nurillaboy” saroyi kabi tarixiy manzillarni ziyorat qildilar.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari