Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda yoshlar festivali
18:41 / 2023-06-08

Xorazmda “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali tashkil etildi.

Urganch shahridagi Yoshlar markazida ilk marotaba ingliz tilida OTM va professional ta’lim talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi. Shu bilan birga IT parkda “contest” olimpiadasi, harbiy qismda “Jasorat maktabi” 2-mavsum o‘quv yig‘inining ochilish marosimi, “Yoshlar kutubxonasi” da esa kitobxon “O‘zbekiston qahramoni” kitob tanlovining taqdimoti o‘tkazildi.  

Jaloliddin Manguberdi maydonida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida gala-konsert o‘tkazildi. Gala-konsertning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev so‘zga chiqib, Xorazm viloyatida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.

Gala-konsertda Rayhon G‘aniyeva, Sardor Toirov,  “Bojalar” guruhi kabi taniqli san’atkorlar, “Quvnoqlar va zukkolar” terma jamoasi va estrada yulduzlari ishtirok etdi. Festivalning ikkinchi kunida Urganch hamda Xiva shaharlari, Shovot, Yangiariq, Xiva va Yangibozor tumanlarida tadbirlar davom etdi. Jumladan, Shovot tumanida minifutbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka, suzish sport turlaridan musobaqalar va “Zakovat” intellektual o‘yinlari, “Sektor rahbarlari va yoshlar” uchrashuvi hamda respublikadan tashrif buyurgan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Festival davomida “Kitob karvoni” loyihasi ham o‘tkazildi. Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi maydonida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalariga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan nashr qilingan 3 mingdan ortiq ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-publitsistik adabiyotlar taqdim qilindi.  

Ma’naviyat festivalida 6 ming nafar yoshlar ishtirok etdi. Yangibozor tumanida mahallalardagi yoshlar o‘rtasida “Yosh oshpazlar” tanlovi o‘tkazildi. Tanlov natijalariga ko‘ra 1-o‘rin “Yangi yop”, 2-o‘rin “Jayxun”, 3-o‘rin “Qiyot” mahalla yoshlariga nasib etdi. Yoshlar oyligi doirasida Urganch davlat universitetida sportning futbol va voleybol turlari bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqalari tashkil etildi.

Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA muxbiri