Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda Vatan himoyachilariga yangi xizmat uyi topshirildi
09:07 / 2023-08-31

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida Xorazm viloyati Urganch shahrida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga 5 qavatli xizmat turar joy binosi foydalanishga topshirildi.

Urganch shahridagi harbiy qismning ilgari bo‘sh turgan hududida endilikda 40 ta xizmat-lavozim xonadonidan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli shinam turar joy binosi qad rostlab, 24-sonli yopiq harbiy shaharchaga aylantirildi.     

Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi xizmat xonadonlari xalqimiz va yurtimiz tinchligini sadoqat bilan himoya qilib kelayotgan yurt himoyachilariga bayram arafasida o‘zgacha tuhfa bo‘ldi. 

Yangi uylarning kalitini egalariga topshirish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi. 

So‘zga chiqqanlar keyingi yillarda harbiy sohaga bo‘layotgan e’tibor tufayli harbiy qism va muassasalar, dala-o‘quv maydonlari infratuzilmasini takomillashtirish, yurt himoyasidek mas’uliyatli kasb egalari va ularning oila a’zolariga qulay shart-sharoitlar yaratish, uy-joy bilan ta’minlash, harbiy pensionerlarning ijtimoiy muhofazasi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi.

10 ta uch xonali va 30 ta ikki xonali xizmat-lavozim uylari harbiy xizmatchilarning Urganch garnizonidagi harbiy qism va muassasalarda xizmatni o‘tash davriga berilib, boshqa lavozimga o‘tgandan keyin o‘rniga kelgan navbatdagi harbiy xizmatchiga keyingi foydalanish uchun taqdim etiladi hamda Mudofaa vazirligi balansida qoladi.  

Xonadonlar barcha qulayliklarga ega bo‘lib, harbiy qism oldida bo‘lgani uchun jangovar shaylikni yuksak darajada ushlab turishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning zarur hollarda oila a’zolaridan xabar olishi, xizmatdan bo‘sh vaqtlarida harbiy shaharcha oldidagi istirohat bog‘ida sayr qilish imkoni mavjud bo‘lgani esa yanada quvonarli. Turar joy binosining hovli qismida bunyod etilgan bolalar maydonchasi endilikda kelajagimiz egalarining doim shodu-xurram, sevinib yurishlari uchun xizmat qiladi.

Qo‘mondon yangi xizmat-lavozim xonadonlarining kalitlarini tantanali tarzda topshirib, bu uylar yurt himoyachilari va ular oilalari uchun yaxshi kunlarda xizmat qilishiga ishonch bildirdi. 

Abdullajon UMARALIEV, 

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug 

matbuot xizmati xodimi, kichik serjant.

O‘zA