Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda tabiiy gaz nazoratining avtomatlashtirilgan tizimiga o‘tish jadallashmoqda
12:55 / 2021-04-19

Mamlakatimizda barcha toifadagi iste’molchilar uchun zamonaviy – «aqlli» gaz hisoblagichlarning o‘rnatilishi gaz iste’moli va hisobga olishni nazorat qilish, ma’lumotlarni yig‘ish uchun yagona boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, gaz ta’minotchisi va energiya kompleksining bir qator tuzilmalaridagi moliyaviy yo‘qotishlarning oldini olish, aholi orasida iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun debitor qarzdorlikni kamaytirish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqib, mamlakatimizning barcha hududlarida tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini amaliyotga tatbiq etish ishlari olib borilmoqda.  

Qarorda tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini «ishlab chiqarish – gaz taqsimlash stansiyasi – tuman, shahar chegarasi – yirik uchastkalar kirish qismi – iste’molchi» prinsipi asosida butun tarmoq bo‘yicha joriy qilish ko‘zda tutilgan.  

Tabiiy gaz nazoratining avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi loyihasini joriy etish ishlari Xorazm viloyatida ham jadallik bilan olib borilmoqda. Shu kunga qadar, viloyat bo‘yicha 55 ming 948 dona “aqlli” hisobdonlar aholi xonadonlariga bepul ravishda o‘rnatib berildi.  

– Viloyatimizda jami 225 mingdan ortiq xonadonga elektron gaz hisoblash uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 28 ming 711 donasi ko‘p qavatli uylar xonadonlarga, 196 ming 257 donasi hovli uylarga o‘rnatilishi rejalashtirilgan, – deydi “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filiali matbuot kotibi Dilmurod Rahmatullayev. – O‘rnatilgan hisoblagichlarning 52 ming 493 donasi “Billingaz” dasturiga ulandi. Xususan, Urganch shahri va Urganch tumanida 36 ming donadan ortiq, Shovot tumanida 3 ming 811 dona, Xiva shahri va Xiva tumanida 7 ming donadan ortiq hisoblagich o‘rnatildi.  

Ayni kunlarda Urganch shahridagi bir qator mahallalarda yangi gaz hisoblash uskunalari o‘rnatish ishlari nihoyasiga yetdi. Ish ko‘lami kundan-kun kengayib borayotganligi sababli yollanma payvandchi-chilangarlar xizmatidan ham foydalanilmoqda. Ularga xizmat haqi ishbay usulida to‘lanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har kuni Urganch shahridagi 550-600 ta xonadonga zamonaviy gaz hisoblagichlar o‘rnatilyapti. Ushbu ishlarga 115 ta mutaxassis brigadasi jalb qilingan.

Urganch shahrida jami 42 ming 200 ta xonadon gazlashtirilgan bo‘lib, shundan 25 mingdan ortig‘iga elektron zamonaviy gaz hisoblagich o‘rnatildi, – deydi “Urganchshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi mutaxassisi. Olimboy Egamberganov. – O‘rnatish jarayonida esa iste’molchilarga ushbu uskunadan qanday foydalanish lozimligi haqida tushuntirilmoqda. Qo‘llariga qo‘llanmalar ham berilmoqda. Ta’kidlash lozimki, shahrimizning ko‘pgina hududlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilgach, iste’molchilarning qarzdorligi ham sezilarli ravishda kamaydi.  

Bu tizim orqali yillar davomida mamlakatimiz gaz ta’minoti tizimida muammo bo‘lib kelayotgan tabiiy gaz tarmog‘idan noqonuniy foydalanish, gaz qurilmalariga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartishlar kiritish, to‘lovlardan qochish, ta’minot barqarorligining buzilishi kabi noxush jihatlarni bartaraf etish maqsad qilingan.

Asosiysi, fuqarolar ushbu yangilik mamlakatimiz gaz ta’minoti tizimida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishiga ishonmoqda. Chunki “aqlli” hisoblagichlarni aldash yoki avvalgidek qarzdorlik muddatini cho‘zib yurishning imkoni umuman yo‘q. Bu esa iste’molchilar madaniyati va mas’uliyati shakllanishiga hissa qo‘shadi, albatta.

– Mahallamizda 365 xonadon mavjud, – deydi Urganch shahridagi 4-sonli mahalla faoli Gulamdon Matniyozova. – Albatta, yangiliklarga o‘zgacha qarash, shubhalanish insonga xos. Mahalladoshlarimiz ichida ushbu uskunani o‘z xonadoniga o‘rnatishni istamaganlar ham bor edi. Biroq targ‘ibot, tushuntirish ishlari orqali ular rozi bo‘ldi. Chunki, aqlli hisoblagichning afzallik tomoni shundaki, mahalladagi xonadonlarda qarzdorlik ko‘paysa, aynan shu xonadonning o‘zi gaz tarmog‘idan avtomatik tarzda o‘chadi va to‘lov amalga oshgach, yana tarmoqqa shu tarzda ulanadi. Haqiqatni aytish lozim, mahallamizda gaz ta’minotidan qarzdorlik 300 milliondan ortiqroq edi. Ayni damda esa ushbu qarzdorlik bartaraf etildi.  

O‘z xonadonlariga yangi gaz hisoblash uskunasini o‘rnatayotgan iste’molchilar ham ko‘rsatilayotgan xizmat sifatidan mamnun.

– Bizning xonadonimga ham “aqlli” gaz hisoblagichlar o‘rnatildi, – deydi urganchlik uy bekasi Marhabo Matniyozova. – Mazkur tizimning afzalliklari bilan tanishdim. Menga yoqqan tomoni, hisobingizdagi oldindan to‘lov mablag‘ining qancha qolganligini muntazam bilib turishingiz mumkin. Agar mablag‘ tugagudek bo‘lsa, unda mobil telefoningizga ogohlantiruvchi xabar kelar ekan. Shuningdek, tabiiy gaz uchun to‘lovlarni uydan chiqmagan holda to‘lash ham mumkin.  

Tabiiy gaz iste’molchilariga yana bir qulaylik yaratish maqsadida filial tomonidan qo‘shimcha “Ishonch telefonlari” tashkil etildi. Ushbu “Ishonch telefonlari” orqali iste’molchilar tabiiy gaz bo‘yicha haqdorlik-qarzdorlik masalalariga oid har qanday savolga javob olishi mumkin.

Shuningdek, har bir shahar-tuman gaz ta’minoti bo‘limlari tomonidan Telegram platformasida maxsus guruhlar tashkil etildi.  

Ushbu guruhlar orqali ham abonent o‘z xonadonidagi hisoblagich bo‘yicha haqdor yoki qarzdorligiga oid ma’lumotlarni olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu telegram guruhi va “Ishonch telefonlari”ga shahar-tuman gaz ta’minoti bo‘limlarining aholi va ulgurji iste’molchilariga xizmat ko‘rsatish operatorlari tomonidan xizmat ko‘rsatilishi belgilangan bo‘lib, abonent o‘z hisobidagi haqdorlik-qarzdorlik masalasi bo‘yicha savollariga javob olishi mumkin.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA