Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda Shakarjon Xo‘janiyozova tavalludining 70 yilligi keng nishonlandi
09:57 / 2025-06-13

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 1-2 may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida vohaning jasoratli va mehnatkash ayoli, taniqli davlat va jamoat arbobi Shakarjon Xo‘janiyozovaning 70 yillik yubileyini keng nishonlashni taklif qilgan edi.

Shu munosabat bilan viloyatda xotira tadbirlari o‘tkazildi.  

Tadbir ishtirokchilari dastlab chinakam  o‘zbek ayoli timsoli bo‘lgan,  fidoyi va  matonatli rahbar Shakarjon opa Xo‘janiyozova qabrini ziyorat qilib, “Shakarjon Xo‘janiyozova uy - muzeyi” bilan tanishdilar.

[gallery-23883]

Urganch shahridagi viloyat musiqali drama teatrida o‘tgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov qatnashib, Shakarjon opaning yurt taraqqiyoti, jamiyat farovonligi yo‘lida olib borgan fidoyi xizmatlari haqida to‘xtaldi.  

--Prezidentimizning nihoyatda o‘rinli  tashabbusidan kuch va rag‘bat olgan voha ahli bu ezgu ishga jon dili bilan kirishib ketdi,--deydi Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov. – Suyukli ustozimiz, mehribon opamiz, o‘zbegimning chinakam ayoli Shakarjon  Yusupovna xotiralarimizda mangu yashaydi. Joylarda matonatli yurtdoshimiz tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan   ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-adabiy anjumanlar, xotira kechalari o‘tkazilib, uning hayoti va Vatan oldidagi qilgan fidoyi xizmatlari xotirlanmoqda.  Ularning xotirasini abadiylashtirish uchun yana bir qancha loyihalarni rejalashtirganmiz.  

Tadbirda  Shakarjon Xo‘janiyozovaning  serqirra faoliyati aks ettirilgan  sahna ko‘rinishlari, rasmlar ko‘rgazmasi va milliy musiqa va qo‘shiklardan iborat musiqiy dastur namoyish etildi.  

Faol ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha viloyat hokimining tashakkurnomasi bilan taqdirlandilar.

--Ayni kunda Bog‘ot tumani asosiy ko‘chalaridan biriga va  tuman sport maktabiga qarashli gimnastika markaziga “Shakarjon Xo‘janiyozova” nomini berish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi, – deydi Xorazm viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigora Qutlimurodova. –  Insonlarga faqat  yaxshilik qilishni o‘ziga shior qilgan Shakarjon opa Xo‘janiyozova yashab o‘tgan uyda  “Shakarjon Xo‘janiyozova uy - muzeyi”ga asos solindi. Prezidentimiz ko‘rsatmasiga asosan,  viloyatdagi faol xotin-qizlar o‘rtasida “Shakarjon Xo‘janiyozova nomidagi rahbar ayollar tanlovi”ni o‘tkazish, g‘oliblarni davlat idoralari uchun rahbar kadrlar zaxirasiga tavsiya etish mexanizmi ishlab chiqildi va mazkur tanlovni  yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha jarayonlar davom etmoqda.  

Darhaqiqat, Shakarjon Yusupovna uzoq yillar davomida ko‘plab  rahbarlik lavozimlarida ishlagan.  

Ayniqsa, mustaqilligining dastlabki murakkab va mashaqqatli yillarida Bog‘ot tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Shakarjon Yusupovna o‘zining bor bilim va mahoratini safarbar etib, tumanni  taraqqiyotning oydin yo‘liga olib chiqqan.  

2000 yildan umrining oxirigacha viloyat hokimining o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrida viloyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy yuksalishida o‘zining chinakam rahbarlik salohiyatini namoyon etib,  nafaqat viloyatda , balki butun mamlakatda katta obro‘ va hurmat qozondi.  

Shakarjon opa Xo‘janiyozovaning yurt taraqqiyoti, jamiyat farovonligi yo‘lida olib borgan fidoyi xizmatlari “Mehnat shuhrati”,“Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari,  “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani  Vatanning o‘z fidoyi qiziga ko‘rsatgan mehru ardog‘ining yorqin namunasidir.  

Bir so‘z bilan aytganda, Shakarjon  Xo‘janiyozova “oliyjanob inson, o‘z ishining bilimdoni, mohir tashkilotchi, iqtidorli rahbar, o‘tkir notiq, odamlarning  g‘amxo‘ri  va mehribon ona” sifatida Xorazmning, butun O‘zbekistonning ardoqli qizidir.  

Ahmadjon Shokirov,  

Behzod Saidov(surat),

O‘zA muxbirlari