Xiva shahrida joylashgan “Arda Xiva” majmuasida Xorazm viloyat hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ish boshladi.
Uch kun davom etadigan mazkur yarmarkada turizm, turizm sohasi uchun to‘qimachilik mahsulotlari, transport va logistika, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mebelsozlik sanoati yo‘nalishlarida pavilonlar tashkil etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad xorijiy va mamlakatimizdagi yirik tarmoq korxonalariga mahalliy kichik va xususiy biznes vakillari tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni yetkazib berishda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishdir.
Yarmarkada Xorazmning barcha shahar va tumanlari, shuningdek, respublikamizning boshqa hududlaridan ham korxonalar o‘z mahsuloti bilan qatnashmoqda.
[gallery-25393]
Viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov ko‘rgazma faoliyati bilan tanishdi.
– Mazkur yarmarkada 30 dan ortiq davlatdan 200 ga yaqin horijiy investorlarning ham ishtirok etayotgani quvonarli hol, – deydi viloyat hokimining mahalliy sanoat korxonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Foziljon Xudoyberganov. – Muhimi, bu kabi yarmarkalar ishlab chiqaruvchilarni xaridorlar bilan bog‘laydi, ularga kafolatli bozor topib beradi. Raqamlarga to‘xtalsak: elektron kooperatsiya portali orqali bugungi kunda viloyatdagi 5 ming 343 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular tomonidan 70 mlrd so‘mlik 2 ming 740 ta shartnoma imzolangan. Bundan ko‘rinadiki, mahalliy tadbirkorlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro kooperatsiya aloqalari rivojlanib bormoqda.
Bugun viloyatda turli xildagi dori-darmonlar, folga,metallar korroziyasini tozalovchi vositalar, bazalt toshidan mineral plitalar, raqamli dastur bilan boshqariladigan temirni va yog‘ochni qayta ishlash uskunalari, lift, avtoklavlangan gazablok, yonilg‘i-moylash materiallari kabi bir qancha yangi turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan.
Ushbu yarmarkada esa sanoat korxonalarining ishlab chiqarish ehtiyoji uchun talab etiladigan import mahsulotlarini mahalliylashtirish orqali o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha unumli foydalanish imkoniyatlari mavjud.
Xullas, mazkur ko‘rgazma bozorga yangi kiradigan, o‘zimizda mahalliy xomashyodan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun buyurtmalar portfelini shakllantirishga va mahsulotlarni reklama qilishga amaliy yordam beradi. Buning barobarida tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi hamda viloyat sanoatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari