Xorazmda qovun sayli
Xivada o‘tkazilgan “Gurvak – Xorazm qovunchiligi ramzi – 2016” savdo yarmakasida viloyatning polizchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
Xivada o‘tkazilgan “Gurvak – Xorazm qovunchiligi ramzi – 2016” savdo yarmakasida viloyatning polizchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.Tadbirda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, xususan, meva-sabzavot va polizchilikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2013-yil 20-martdagi “2013-2015-yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizning tarixiy-madaniy yodgorliklari qatori zaminimizda yetishtiriladigan noz-ne’matlar, jumladan, shirin-shakar qovunlar ham keng namoyish etilmoqda.
– Men O‘zbekistonning barcha tarixiy shaharlarida bo‘ldim, – deydi xitoylik sayyoh Nisu Xuang. – Samarqand, Buxoro, Toshkent va Xiva bozorlari meni ayniqsa hayratga soldi. Bu yerdagi tinchlik-xotirjamlik va to‘kin-sochinliklikka havasim keldi. Bugungi yarmarka doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmadagi rang-barang qovunlardan tatib, maza qildim. Dunyoning hech qayerida bunday shirin, ta’mi bir umr og‘zingda qoladigan qovunlar yo‘q.
Qovun sayli doirasida viloyat, tuman va shahar hokimliklari, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi viloyat mintaqaviy bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida «Shirin qovun» tanlovi o‘tkazildi. Unda dehqonlarning urug‘lik tanlash, qovun kesish, qoq qilish mahorati, uni qish mavsumida saqlash tartib-qoidalari bo‘yicha bilimi sinovdan o‘tkazildi. Hazorasp tumani sohibkorlari birinchi, Xiva va Qo‘shko‘pir tumani vakillari ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi.
Tanlovda qovunchilikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh fermerlar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.