French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda pensiya ta’minoti borasida qanday ishlar amalga oshirilgan?
18:26 / 2023-05-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi holatini Xorazm viloyatida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qo‘mita raisi o‘rinbosari N.Tilavoldiyev mamlakatimizda keksalarga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, salomatligini asrash, turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, pensiya va nafaqalar to‘lovi kechiktirilishi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilganini qayd etdi.    

Yig‘ilishda ma’lum qilinganidek, Xorazm viloyatida 2022 yilda Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 24,5 ming fuqaroga yangi pensiya va nafaqalar tayinlangan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davriga nisbatan 3 ming nafarga yoki 12,1 foizga ko‘p. Joriy yilning birinchi choragida esa 5,6 ming nafar fuqaroga yangi pensiya va nafaqalar tayinlangan. 2023 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, viloyatda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 242,8 ming nafarga yetib, aholi sonidagi ulushi 12,3 foizni tashkil qilgan.    

Mamlakatimizda pensiya, nafaqa, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash va yetkazib berishda fuqarolarga qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2022 yil 1 maydan boshlab barcha turdagi davlat pensiyalarini, jamg‘arma tomonidan to‘lanadigan nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni hamda kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilingan.  

Natijada viloyat bo‘yicha joriy yilning may oyida 175 ming 291 nafar pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarga bank plastik karta orqali to‘lovlar amalga oshirilib, bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov sifatida yo‘naltirilgan.    

Qo‘mita a’zolari fuqarolarga pensiya va nafaqa tayinlash borasida viloyatda amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etgan holda, o‘rganish davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarga e’tibor qaratdilar. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish yuzasidan takliflar bildirildi.    

Muhtarama Komilova, O‘zA