Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda O‘zbekiston – Xitoy texnoparki tashkil etiladi
16:39 / 2025-07-16

Urganch shahrida Xorazm viloyati hokimligi mutasaddilari xitoylik investorlar bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 1-2 may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida hududga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, xususan xitoylik sarmoyadorlar bilan lak-bo‘yoq, shisha mahsulotlari va elektrotexnika yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar bergan edi.

Xitoyning yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv davomida ularga mahalliy va xorijiy investorlar uchun viloyatda yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Investorlar tomonidan viloyatda kimyo, metall, yashil energetika va boshqa sanoat loyihalari bo‘yicha takliflar bildirildi. Ular orasida eng yirigi O‘zbekiston – Xitoy texnoparkini tashkil etish loyihasidir. 

Uchrashuvda mazkur texnopark hududida elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va yana boshqa sohalarda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindi.

[gallery-24340]

– Albatta, ushbu loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va qarorlari asosida amalga oshirilmoqda, – deydi xitoylik investor Pak Yun. – Uni ro‘yobga chiqarishda viloyat hokimligi yaqindan yordam beryapti. Hozir kimyo, metall, yashil energetika, quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirishga shay holatda. Shuningdek, O‘zbekiston – Xitoy texnoparkiga kirib kelishi kutilayotgan investitsiya loyihalarimizning qiymati 1 milliard dollardan oshmoqda. Bu O‘zbekiston, ayniqsa, Xorazm iqtisodiyoti rivojida juda katta ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, bu kabi muloqotlar natijasida yana boshqa loyihalarimizga ham start beriladi. Xususan, innovatsion usulda kartoshka yetishtirishni tashkil etish loyihasi ham istiqbolga ega.

Muloqot davomida qator yo‘nalishlarda kelishuvlarga erishildi. Mazkur hamkorlik faqat investitsiyalarni jalb qilish emas, balki yangi texnologiyalar va ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.

– Men O‘zbekistonga birinchi kelishim, – deydi xitoylik investor Fang Yan. – Sizning mamlakatingizda biz investorlarga yaratilayotgan sharoitlar va olib borilayotgan islohotlar meni lol qoldirdi. Bu esa O‘zbekistonning Xitoy bilan investitsiya va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishiga zamin yaratadi. Xitoy hozirgi kunda O‘zbekistonning yaqin hamkori hisoblanadi. Biz ham ushbu hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Xorazmga “Yashil energiya” bo‘yicha quyosh paneli, invertor, batareya va ushbu qurilmalar uchun platalar ishlab chiqarish bo‘yicha 45 million dollarlik hamkorlik investitsiya shartnomasini imzoladik.

Ma’lumot uchun, viloyatning Qo‘shko‘pir tumanida 175 gektar maydonda “O‘zbekiston – Xitoy texnoparki” tashkil qilinmoqda. U yerda 1 milliard dollarlik 16 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari