Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari qanday ta’minlanmoqda?
17:34 / 2022-09-07

Yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratib berishga alohida e’tibor qaratib kelinadi.

Sohadagi islohotlarni amalga oshirishda huquqiy asos bo‘layotgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning xuquqlari to‘g‘risida”gi, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan normalarning amaliyotda to‘liq ishlashi, unga amal qilinishi esa mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Xo‘sh, bugungi kunda ushbu yo‘nalishdagi huquqiy hujjatlar ijrosi qay darajada bajarilmoqda? Tegishli mas’ullar o‘z zimmasidagi vazifalarni to‘liq amalga oshirayaptimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari shu yilning avgust oyida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning ijrosi hamda 2022 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini Xorazm viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rgangan edi. Qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishida mazkur masalalar atroflicha muhokama qilindi.

— Qo‘mitamiz tomonidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlarida ma’lum bo‘ldiki, Xorazm viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning turar-joylar, jamoat va ishlab chiqarish binolaridan moneliksiz foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva. — Viloyat bo‘yicha 2021 yilda 55 nafar, 2022 yilda 110 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalar uy-joy bilan ta’minlangan. Shuningdek, 2021-2022 yillarda 145 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalar uy-joylari sharoitlari yaxshilangan. “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi hamda uy-joy ta’miriga muhtoj 280 nafar xotin-qizdan 147 nafarining uy-joyi ta’mirlab berilgan. Bundan tashqari, 2022 yilning o‘tgan davrida viloyatda 682 nafar imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 504 nafarining bandligini ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatilgan. Qolaversa, tashkilotlardagi mavjud bo‘sh hamda zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga joylashishga ko‘maklashish yillik rejasi 196 ta bo‘lib, 1 avgust holatiga 265 nafar fuqaro ishga joylashtirilgan.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas. Xususan, ba’zi tumanlarda uy-joy bilan ta’minlangan deb aytilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati shakllantirilmagan, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga moneliksiz kirishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmagan. Viloyatda zaxiralangan ish o‘rinlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishda aksar hollarda ularni zaxiraga olingan ish joylariga emas, balki bo‘shab qolgan vakant ish o‘rinlariga yuborib, keyinchalik buni zaxira ish o‘rniga yuborildi, deb rasmiylashtirish holatlari uchramoqda.

Viloyatda aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish borasida deputatlar tomonidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholi bandligiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi. Qayd etilganidek, joriy yilning o‘tgan davrida Xorazm viloyatda 283,1 ming aholini vaqtinchalik va doimiy ishlarga jalb qilish orqali ularning bandligi ta’minlangan. Jumladan, tarmoq va hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tashqi savdo va mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga 3,9 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan shaxslarga 2,7 milliard so‘m subsidiya ajratilgan.

Qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA