French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda nasli yaxshilangan qoramollar ulushi 72 foizga yetkazildi
11:21 / 2024-02-29

Bugungi kunda Xorazm viloyatida jami 1 ming 800 dan ortiq chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar mavjud.

Har bir sohaga e’tibor yuqori bo‘lsa, zarur darajada mablag‘ yo‘naltirilsa yaxshi natija beradi. O‘tgan yil viloyatda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 539 milliard so‘mlik 115 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada oziq-ovqat yo‘nalishida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Bir ming ikki yuz nafardan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratildi.  

Shuningdek, “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida 21 ta go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi hamda qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga 235 bosh chorva mollari kooperatsiya usulida yetkazib berildi.  

Chorvachilikda naslchilikka e’tibor qaratmay kutilgan samaraga erishib bo‘lmaydi. Viloyatda naslchilik ishlarini rivojlantirish maqsadida aholi xonadonlari va fermer xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan 177 ming bosh sigir sun’iy urug‘lantirildi. Naslchilik xo‘jaliklari soni 87 taga yetkazilib, yiliga o‘rtacha 1-1,5 ming bosh naslli qoramol fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga yetkazib berildi. Natijada umumiy podada nasli yaxshilangan qoramollar ulushi 72 foizga yetkazildi.  

Viloyatda sut va sut-go‘sht yo‘nalishida ilgari bor-yo‘g‘i qora-ola golshtin, qizil ola golshtin, simmental zotlari parvarishlangan. Bugungi kunda sut yo‘nalishida qizil eston, monbilyard, shvis, go‘sht yo‘nalishidagi tez yetiluvchan qoramollarning aberdin-angus, sharole, gereford, limuzin, kabi zotlari ko‘paytirilmoqda. Qo‘ylarning hisori, romanov, edilboy hamda echkilarning angor, zanen zotlari chet davlatlardan keltirilib parvarishlanmoqda.  

Viloyatda sigirlarning o‘rtacha sut mahsuldorligi, so‘yiladigan  qoramollarning o‘rtacha tirik vazni ortishiga erishildi.  

Chorvachilik subyektlariga ozuqabop ekinlar ekish uchun 45,1 ming gektar yer ajratilgan. O‘rtacha bir gektar ozuqa maydonidan ilgari 7-8 tonna hosil olingan bo‘lsa, hozirda 10 tonna hosil olinmoqda.  

Shuningdek, 19 ta chorvachilik subyektida zamonaviy intensiv “Gidroponika” texnologiyasi asosida ozuqa ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA