Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “16 noyabr — Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda turli millat va din vakillari, hamkor tashkilotlar mas’ullari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.
Davra suhbatida Xorazm viloyat hokimining o‘rinbosari R.Sobitov, “O‘zbek–turkman” do‘stlik jamiyati faoli, “Ulli hovli” turistik majmuasi rahbari D.Rajabov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va oliy o‘quv yurti rahbariyatidan so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr bildirdilar.
[gallery-26267]
—Tadbirning asosiy maqsadi jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, yoshlarni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada kengaytirishdan iborat, —deydi UrDU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zafar Ibragimov. —Davra suhbatining badiiy qismida turli millat vakillari o‘z xalqining boy madaniy merosini, milliy qo‘shiqlari va raqslarini namoyish etishayotgani bag‘rikenglik va do‘stlik qadriyatlari yoshlarimiz qalbida ham ildiz otayotganini ko‘rsatadi.
Oliy o‘quv yurtida mazkur sana munosabati bilan millatlararo do‘stlik va totuvlik ruhini aks ettiruvchi badiiy ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbirda viloyatdagi qozoq, koreys, rus kabi milliy-madaniy markazlar vakillari o‘z xalqining boy madaniyati, san’ati va qadriyatlarini aks ettiruvchi asarlar, milliy liboslar, tasviriy san’at namunalarini namoyish etishdi.
Universitetning barcha fakultetlari talabalari ham bu ezgu tashabbusga faol qo‘shilib, o‘zlari yaratgan hunarmandchilik buyumlari, milliy naqshlar, qo‘l mehnati bilan yaratilgan san’at asarlarini taqdim etdilar.
Har bir stendda turli rang, uslub va ohangda mujassam bo‘lgan ijod namunalarining yagona g‘oyasi — do‘stlik va bag‘rikenglik ruhi yaqqol sezilib turdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari