Mamlakatimizning boy raqs san’ati tarixida alohida o‘rin egallagan “Xorazm lazgi raqsi” o‘ziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat O‘zbekistonda balki xorij davlatlarida ham mashhur.
Prezidentimizning 2020 yil 28 sentyabrdagi “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konfrensiya o‘tkazish belgilangan.
Xorazm viloyatida joriy yilda o‘tkaziladigan mazkur festivalga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xalqaro festivalga yurtimizning tajribali rejissyorlari, bastakorlar, san’atkorlar, taniqli raqqosalar, ijodkorlar, malakali mutaxassislar jalb etilgan.
Bugun Urganch xalqaro aeraportida dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan ishtirokchilar tantanali kutib olinmoqda.
– Men Hindistondan keldim, – deydi san’tshunos, professor Chandr Sheykxan. – O‘zbek va hind raqslari o‘zining qadimiyligi, sho‘x va o‘ynoqi harakatlari bilan o‘xshash. Ayniqsa, Xorazm raqsidagi janrlar juda jozibador va serharakatliligi bilan ajralib turadi. Xorazmni esa men qadimiy voha, madaniyat, san’at va an’analar markazi deb bilaman. Men ushbu o‘lkaga oldin ham kelganman. Oliygohlardagi musiqa va san’at yo‘nalishidagi ta’lim jarayoni bilan tanishganman. Bizni har safar mana shunday izzat ikrom bilan kutib olishadi. Fursatdan foydalanib xalqaro festival ishiga omad tilayman.
Ishtirokchilar “Lazgi” kuyi va unga monand raqsi bilan kutib olindi. Bu mehmonlarning ko‘hna zaminga ilk qadamidan katta taasurotlar olishiga va kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘ziga oxangrabodek tortatigan yalla qaysi millatdan bo‘lishiga qaramasdan ishtirokchilarni o‘yinga chorladi.
– Biz Rossiyaning Altay o‘lkasidan mazkur nufuzli anjumanga keldik, – deydi Rossiya federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan artist Irina Minayeva. “Xorazm lazgisi” juda qadimiy raqslardan deb eshitganman. Ushbu raqs ijrosini internet orqali ko‘rdim. Juda jozibali va go‘zal plastikaga ega. Uning tarixi bilan juda qiziqayapman. Festival doirasida “Lazgi” raqsini o‘rganaman va go‘zal Xiva shahrini ham ziyorat qilaman. Bizni ko‘tarinkilik bilan kutib olgan mezbonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Bugun mazkur xalqaro raqs festivali o‘z ishini boshlaydi va 30 aprel sanasiga qadar davom etadi. Ayni damda ham musiqali teatrlashgan tadbirlar o‘tkaziladigan keng sahnada raqqosa qizlar, yigitlar rang-barang musiqa sadolari ostida festivalga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Tadbirlar doirasida “Ichan-qal’a” majmuasi hududida raqs san’atiga oid ko‘rgazmalar, milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalaridan iborat rang-barang ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Shuningdek, kitoblar savdosi, yarmarkasi ham o‘tkaziladi. Festival kunlari “O‘zbek milliy raqsining jahon raqs san’atidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkazilib, unda qator xorijiy mamlakatlardan raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar ishtirok etadi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA