Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi
17:55 / 2025-07-08

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 2025 yil 1 martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich respublikaning 7 ta hududida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilishi belgilangan.

Xorazm viloyatining Urganch shahri va Urganch hamda Yangiariq tumanlarida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etildi. Mazkur xizmat ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi va tadbirkorlar o‘rtasida bitim imzolanib, davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘lga qo‘yildi.

– Buni nafaqat nogironligi bor bo‘lgan bolalarning ijtimoiylashuviga yordam balki ota-onalar uchun ishlash va faol hayotga qaytish imkoni deyish mumkin, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Berdiyev. – Inson ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan viloyatdagi 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalar orasida tashxisi kunduzgi parvarish xizmatiga mos keladigan 882 nafar bolalar ro‘yxatga olindi. Endilikda ushbu bolalarning bir qismi kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanmoqda. Yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. 

[gallery-24219]

Ayni damda markazlarda bolajonlar tengdoshlari bilan muloqotga kirishib, qo‘shimchasiga ularga psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Tarbiyachilar tomonidan turli xil rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarning tashkil etilayotgani esa ularda yangi hayotiy ko‘nikmalar shakllanishida yordam bermoqda. 

Eng asosiysi endi doimiy ravishda farzandining yonida bo‘lgan onalar uy ro‘zg‘or ishlariga hamda o‘zi uchun ham vaqt ajrata oladi. Kasb o‘rganishga, hunar egallashga imkoni bo‘ladi. Ishlab jamiyatga qo‘shilib, oilasiga daromad olib kelishi mumkin.

– Ijtimoiy xodim uyimizga kelib, “Farzandlaringizni parvarishlash xizmati tashkil qilinmoqda. U yerda reabilitatsiya xizmatlari bilan qamrab olinadi. Siz ham ushbu xizmatdan foydalanib bolangizni tarbiyalashga topshirishingiz mumkin.” - deganida boshida ikkilangan edik, – deydi Ziyoda Quryozova. – Keyin bilsak, bu yerdagi sharoitlar juda yaxshi ekan. Farzandimga bizdan ham yaxshi parvarish xizmati ko‘rsatilar ekan. Endi bemalol uy ishlarimiz bilan shug‘ullanib, qo‘shimcha daromad uchun kasanachilik bilan ham shug‘ullanyapman. Uyimizdan o‘zlari olib ketib, o‘zlari olib kelyapti. Kunduzgi parvarish xizmatini tashkil qilish tashabbusi juda yaxshi ish bo‘ldi. Farzandlarimizga qaratilgan e’tibordan mamnunmiz. 

E’tiborlisi xizmatni tashkil qilgan tadbirkorlarning ovqatlantirish, sog‘lomlashtirish uchun sarflaydigan xarajatlari har bir mijoz sonidan kelib chiqib, belgilangan tartibda davlat tomonidan qoplab berilmoqda.

Mazkur xizmat faoliyati kengaysa oilalarning bandligi hamda mehnat qilishi uchun imkoniyat va sharoitlari ham yaratiladi. Bolajonlarning esa ijtimoiylashuviga erishiladi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari