English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda kiberxavfsizlik bo‘yicha tanlov o‘tkazildi
11:54 / 2021-05-21

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali va “Mustafo SOFTWARE” MCHJ hamkorligida “The Best Developer & Cyber defender” tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivoj topgani sari, uning afzalligi va qulayliklaridan foydalanish bilan bir qatorda, axborot xavfsizligini ta’minlash dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Hayotimizga kiberxavfsizlik tushunchasi kirib keldi. Kiberxavfsizlik bu – tasodifiy va atayin qilingan axboriy hujumlardan himoyalanish demakdir. U ko‘p qirrali faoliyat sohasi bo‘lib, unga faqat tizimli va kompleks yondashuv muvaffaqiyat keltirishi mumkin.

– Hech hisoblab ko‘rganmisiz, kun davomida necha bor internet tarmog‘iga kirasiz, – deydi TATU Urganch filiali o‘qituvchisi Jonibek Xo‘jamurodov. – Ko‘pchilik uyqudan uyg‘oniboq, telefonini qo‘lga olib, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘z tashlaydi, tunda uyquga ketish oldidan global tarmoqda yana “sayr” qilmasdan ko‘zini yummaydi. Yangiliklardan, voqea-hodisalardan boxabar bo‘lar ekanmiz, darhol uni tanishlarga jo‘natamiz. Raqamli iqtisodiyotga asta-sekin o‘tayapmiz. Ma’lumotlarni saqlash, yetkazish va qayta ishlashda xavfsizlik va barqarorlik muhim omil hisoblanadi. Tashkil etilgan mazkur tanlov esa viloyatimizda kiberxavfsizlik sohasi mutaxassislarining ko‘payishiga xizmat qiladi.

Tanlovning birinchi bosqichida Xorazm viloyatining barcha maktablarida “Axborot xavfsizligi” hamda “Dasturlash” yo‘nalishlari bo‘yicha 300 dan ziyod iqtidorli o‘quvchidan 30 nafari saralab olinib ikkinchi, ya’ni final bosqichiga yo‘llanma olgan.

Tanlovning final bosqichi ishtirokchilarining barchasiga maxsus sertifikatlar, g‘oliblarga esa diplom va qimmatbaho sovg‘alar berildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida, jamoalarda kiberxavfsizlik mavzusidagi bunday tadbir va tanlovlarni muntazam tashkil etish lozim. Bu kabi tadbirlar dastur buzuvchi (xaker)larning muntazam ravishda bo‘lib turadigan kichik hujumlarini bartaraf etishga yordam beradi

Ahmadjon Shokirov, O‘zA