Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda jamoat transporti: yutuqlar va kamchiliklar muhokama etildi
19:40 / 2021-06-07

Aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishda transport vositalarining o‘rni alohida. Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar asnosida Xorazm viloyatida ham jamoat transportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanmoqda.

Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ayni damda sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham aytib o‘tildi.

Viloyat transport boshqarmasi va uning tasarrufidagi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida Xorazm viloyati Transport boshqarmasi boshlig‘i R.Boboyev sohada amalga oshirilayotgan ishlar, olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda viloyatda avtotransport sohasida faoliyat yuritayotgan 292 ta avtokorxona tomonidan 199 ta yo‘nalish faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan, 95 ta avtobus yo‘nalishi uchun 433 avtobus va 104 yo‘nalishli taksi harakati uchun 1283 ta avtotransport vositasi mavjud. Joriy yil yanvar-may oylarida boshqarma tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida 4 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochilgan bo‘lsa, 5 ta avtobus yo‘nalishi optimizatsiya qilingan. Shu orqali 28 ta mahallada avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.

Havo transporti bo‘yicha viloyatda joriy yilda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi, Belorussiya va Armaniston davlatlari aviakompaniyalari bilan hamkorlikda charter reyslar yo‘lga qo‘yildi. Umumiy hisobda 70 mingdan ortiq yo‘lovchiga aviatsiya xizmati ko‘rsatilgan.

Tadbir davomida jurnalist va blogerlar bugungi kunda jamoat transportlari harakati, ta’mirtalab ichki xo‘jalik yo‘llari va charter reyslar yuzasidan bergan savollariga javob oldi va o‘z takliflarini bildirdi.

Bu kabi uchrashuvlarning muntazam o‘tkazib borilishi sohadagi muammolarni bartaraf etish, shaffoflikni ta’minlash va tizimni yanada takomillashtirishga zamin yaratadi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA