Urganch olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi bazasida yengil atletika bo‘yicha Xorazm viloyat chempionati o‘tkazildi.
Unda 12 hamda 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar kuch sinashdi.

–Musobaqada jami 320 nafar atlet ishtirok etib, ularning 120 nafari qizlardan iborat bo‘ldi.
O‘n ikki yosh toifasidagi sportchilar musobaqasining maqsadi iqtidorli o‘smirlarni saralab, Urganch olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qabul qilishdir, – deydi murabbiy Muhammad Qurbonov. – O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi bahslar esa yengil atletikachilarning imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazishga hamda viloyat terma jamoasini shakllantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, joriy yilning 10-12 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan respublika chempionatida ham xorazmlik atletlar kuchli tarkib bilan munosib ishtirok etishini ta’minlaydi.

Musobaka ishtirokchilari qisqa va o‘rta masofalarga yugurish, estafetali yugurish, g‘ovlar osha yugurish, nayza, disk, to‘p uloqtirish, yadroni itqitish kabi shartlarda o‘z imkoniyatini sinab ko‘rdilar.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, musobaqalar yuqori darajada o‘tdi va yangi iqtidorlarning nomlari aniq bo‘ldi. Ba’zi rekordlar ham yangilandi.

O‘n ikki yosh tifasidagi o‘smirlar o‘rtasida Farangiz Inoyatova va Iskandar Iskandarovlar 100 hamda 600 metrlik masofaga yugurish bo‘yicha viloyat rekordini yangilashdi.
O‘n sakkiz yosh toifasidagi atletlar orasida O‘rta Osiyo chempionati sovrindori Ruslan Sadullayev nayzani 71 metrga uloqtirdi va shaxsiy rekordini yangiladi. 110 metrga g‘ovlar osha yugurishda esa Rustambek Rustamov Xorazmdagi rekordni yangiladi.
Umumjamoa hisobida Urganch olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, Xonqa, Hazorasp va Shovot tumanlari sport maktablarining vakillari turli yunalishlarda yuqori natijalarni ko‘rsatishdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, video),
O‘zA muxbirlari