Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda ilk bor inson jigari transplantatsiya qilindi
18:10 / 2025-12-30

Inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan har bir harakat tarixdir. Ayrim voqealar esa nafaqat bir inson taqdirini, balki butun bir hudud tibbiyotining taqdirini belgilab beradi.

Xorazm viloyatida ana shunday voqea sodir bo‘ldi. Ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti  muvaffaqiyatli bajarildi.  

Bu o‘z navbatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan  insonparvarlik siyosatining  va zamonaviy tibbiyot taraqqiyotining yorqin samarasidir.

Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi 54 yoshli Ra’no Matyoqubova bir necha yillar davomida jigar sirrozi kasalligi bilan kurashib kelardi.  

Kasallik terminal bosqichga o‘tgan, yagona najot sifatida jigar transplantatsiyasi tavsiya etilgan edi.

Oila a’zolari R. Matyoqubovani Hindistonga olib borishga qaror qildi. Ammo Hindistonda o‘tkaziladigan amaliyot xarajatlarini uncha-munchaning cho‘ntagi ko‘tarmaydi.  

Oila a’zolari  imkoniyat izlashdan to‘xtamadi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rahbarlari huzuriga kelib, maslahat so‘rashdi. Markaz mutasaddilarining: “Biz yaqin vaqt ichida jigar transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yamiz. Agar xohlasangiz, shu yerning o‘zida amaliyot o‘tkazishimiz mumkin,”- deyishdi.  

Chunki, ushbu markazda anchadan buyon jigar transplantatsiyasi uchun tayyorgarlik ishlari  olib borilayotgan va mutaxassislar ham malakalarini oshirishgan. Tibbiyot muassasasida esa zamonaviy uskunalar jamlangan.

Respublika milliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda ushbu amaliyotga puxta tayyorgarlik ko‘rilib, keng qamrovli tibbiy tekshiruvlar natijasida bemorning 1991 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Jalolbek Xo‘jayev donor sifatida barcha tibbiy ko‘rsatkichlarga mos kelishi tasdiqlandi.  

O‘ta murakkab jarrohlik Respublika milliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Jasur Sobirov rahbarligida amalga oshirildi.

—Xorazm viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining tajribali jarrohlari bilan birgalikda 8 soat davom etgan o‘ta murakkab jigar transplantatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi, —deydi Jasur Sobirov.  —Hozir donorning ham, bemorning ham salomatligi stabil bo‘lib, doimiy nazoratimizda. Shuni  alohida ta’kidlash kerakki, ilk jigar transplantatsiyasi amaliyotining xarajatlari davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.  

Ayni paytda Xorazm viloyatida 500 dan ziyod  bemor jigar sirrozi tashxisi bilan ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 100 nafardan ziyodi dekompensatsiya bosqichida.  

Xulosa qilib aytganda, jigar transplantatsiyasi viloyatning o‘zida muntazam yo‘lga qo‘yilishi ushbu bemorlar uchun hayotga qaytish imkoniyati, umid va ishonch demakdir.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri