FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yillik bayrami Xorazm viloyatida ham keng nishonlandi.
“Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!” shiori ostidagi bayram tadbiri Urganch shahrining Tinchlik hamda Pahlavon Mahmud ko‘chalari bo‘ylab ichki ishlar xodimlari, Mudofaa qo‘shinlari, Milliy gvardiya xizmatchilari, o‘quvchi va talaba yoshlar, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazildi. “Vatanparvar” avtokarvoni hamda bayroq marshi tadbiri davomida ishtirokchilar Pahlavon Mahmud ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib, Amir Temur istirohat bog‘idagi katta flagshtok ostiga to‘plandi.
[gallery-14657]
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari San’atbek Salayev va ziyolilar so‘z olib, yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi. Bayrog‘imizning davlat ramzi sifatidagi mazmun-mohiyati, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida viloyatdagi bir guruh ziyolilar – Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib va dramaturg Qurbon Muhammadrizo, O‘zbekiston xalq artisti Gulora Rahimova, Urganch davlat universiteti professori Abdulla O‘razboyev Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Behzodbek SAIDOV(surat),O‘zA