Sovuq mavsum kirib kelishi bilan gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalish xavfi ortadi. Shu munosabat bilan Xorazm viloyatida grippga qarshi emlash ishlari boshlandi.
Bugungi kunda viloyatda istiqomat qilayotgan ikki million nafar aholiga 189 ta davlat va 501 ta xususiy tibbiyot muassasasi orqali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish maqsadida barcha tibbiyot muassasalarida bepul vaksinatsiya tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, emlash gripp kasalligini yuqtirish xavfini 90 foizgacha kamaytiradi.
– Kuz – surunkali va mavsumiy kasalliklar avj oladigan davr, – deydi epidemiolog shifokor Hilola G‘afforova. – Ayniqsa, bu fasl gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay palla hisoblanadi. Natijada ushbu xastaliklarga chalinish yilning boshqa davrlariga nisbatan biroz ortadi. Emlanish kasallikning og‘ir kechishiga va asoratlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Vaksinatsiya ishlari avvalo bolalar, keksalar, homilador ayollar hamda surunkali kasallikka chalingan fuqarolar o‘rtasida olib borilmoqda. Doimiy ravishda fuqarolarga o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaslikni, grippga qarshi vaksina olishni kechiktirmaslik tavsiya etilmoqda.

Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, jamoat joylarida niqob taqish, to‘g‘ri ovqatlanish va yetarli uyquga e’tibor berish kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

– Ayniqsa, virusga chalingan odamlar va ularni parvarishlayotgan shaxslar tibbiy niqobda bo‘lishlari tavsiya etiladi,– deydi Urganch shahridagi 3-son oilaviy poliklinika bosh shifokori Nilufar G‘oyipova. – Qolaversa, immunitet mustahkamligini ta’minlash uchun meva-sabzavotlar, turli ko‘katlar va qaynatmalar iste’mol qilish, ko‘proq suyuqlik ichish hamda mavsumga mos kiyinish lozim. Unutmaslik kerakki, O‘RVI virusli kasallik bo‘lib, o‘zboshimchalik bilan turli dori-darmonlarni shifokor retseptisiz qabul qilish nafaqat samara bermaydi, balki boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Muloqotlarda fuqarolarga ushbu profilaktik choralar batafsil tushuntirilib, ularga tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari