Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda eksportning ulushi ortmoqda
20:11 / 2024-10-23

Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi. Joriy yil yanvar-sentyabr oylari davomida tovarlar tashqi savdosi jami 726,3 million  AQSH dollarini tashkil etib, 2023 yilning shu davriga nisbatan 7,7 foizga yoki 60,8 million AQSH dollari miqdorida kamaygan.

Tovarlar importi 10,6 foizga yoki 70,7 million  dollarga  kamayib,  594,1 million dollarni tashkil etdi. 

Xorazm viloyatiga 2024 yilda dunyoning 40 ta davlatidan tavarlar import qilingan. Asosiy eksportyor davlatlar Janubiy Koreya(43 %),   Braziliya(17 %)  va Rossiya(14 %) bo‘lib qolmoqda. 

Tovarlar eksporti viloyatda 132,2 million AQSH dollarini tashkil etib,  o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,1 foizga oshgan.  

Jumladan, tovarlar jami 28 ta davlatga eksport qilinib, asosiy qismi Rossiya (60 %), Turkiya (14 %), Xitoy (7 %)  hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Joriy yilda eksport faoliyati bilan shug‘ullangan tashqi iqtisodiy faoliyat  qatnashchilarining soni 120 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga yoki 18 taga kamaydi.  

Hisobot davrida boshqarmaning tegishli bo‘limlari tomonidan import qilinayotgan tovarlarga taqdim qilingan bojxona yuk deklaratsiyalarining rasmiylashtirilishidan oldin hamda rasmiylashtirilganidan keyin o‘rganilishi natijasida 270 ta holatda 20  milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan kamomadga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Matbuot anjumanida “Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvni tashkil etish”, “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi”, “Valyuta nazorati va notarif tartibga solish”, “Bojxona ekspertizasi”, “Surishtiruv va ma’muriy amaliyot” va “Kontrabandaga qarshi kurash” yo‘nalishlarida olib borilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. 

Misol uchun,  to‘qqiz oyda 490 marta bojxona qoidalarini buzish holatlari aniqlanib, ular bo‘yicha 8 milliard 785 million so‘m tovar-moddiy boyliklar ushlab qolingan. 

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida esa 25 ta holatda jami 18 kilogrammga yaqin giyovandlik vositalari aniqlangan.

Anjuman so‘nggida jurnalist va blogerlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha javoblar berildi. 

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri