Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi viloyat boshqarmasi, tuman va shahar bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi ekologik nazorat reyd tadbirlari davomida 10 ta qonunbuzilish holati aniqlandi.
Xususan, Qo‘shko‘pir tumani "Bekobod" mahallasi hududida fuqarolar K.D. va J.O. o‘z mahallasida suvni ifloslantirganliklari holati ma’lum bo‘ldi.
"O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunning 19-moddasi talablarini buzganlik holati aniqlanganligi bois fuqarolarning har biriga 2 million 472 ming so‘mdan jarima belgilandi.

Arablar mahallasida esa fuqarolar Q.Q. va R.R. lar uy-ro‘zg‘or va qattiq maishiy chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlab, "O‘zbekiston Respublikasi Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasi talablarini buzganlik holatlari aniqlandi. Ushbu fuqarolarga ham har biriga 2 million 472 ming so‘mdan jarima belgilandi.
Xiva tumani Dashyoq mahallasida yashovchi fuqaro A.O. esa o‘simlik qoldiqlarini bir joyga yig‘ib, yoqib yuborgan. Natijada ushbu fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda jarimaga tortildi.
– Bunday holatlar Urganch, Yangibozor va Shovot tumanlarida ham aniqlangan, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Islombek Ismoilov. – Urganch tumanidagi Arboblar mahallasi hududida fuqarolar tomonidan tashkil qilingan noqonuniy chiqindixona bartaraf qilinib, qonunbuzarlikning oldini olish maqsadida bannerlar o‘rnatildi. Shuningdek, Urganch tumanida Yangi tashkil etilgan Al-Xorazmiy majmuasi hududida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning chiqindi yig‘ish maydonchalari chiqindilardan tozalandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 10 nafar fuqaroga nisbatan jami 26 million 72 ming so‘m jarima belgilandi.
Nazorat reyd tadbirlari davomida hududlar maishiy va qurilish chiqindilaridan to‘liq tozalangan.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri