Urganch shahrida Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan hududda o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi ishlar tahliliga bag‘ishlangan eshituv o‘tkazildi.
Unda deputatlar, partiyaning tuman va shahar kengashlari raislari, faollar va viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi mas’ullari ishtirok etdi.
[gallery-26268]
Eshituvda viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan o‘rmonlarni ko‘paytirish, qayta tiklash va ularning mahsuldorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.
—Bugungi eshituvda qumli hududlarga ega tuman va shaharlarda yashil qalqonlar hamda yashil belbog‘lar tashkil etilishi jarayoni o‘rganildi, —deydi partiyaning viloyat kengashi raisi Kamolbek Jumaniyozov. — 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan ko‘chat zaxiralarining mavsumga tayyorgarligi, hudud sharoitiga mos ko‘chat va butalar yetishtirilishi holati yuzasidan ham mas’ullar tomonidan hisobotlar tinglandi. Shu kungacha bizni o‘ylantirib kelayotgan dolzarb masalalar yuzasidan savollarni ham berdik.
Mazkur eshituv davomida mavjud muammolar, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi, kelgusida o‘rmon xo‘jaligi sohasida ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari