Ayni kunlarda mamlakatimizda 2025 yil paxta hosili uchun chigit ekish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xorazmlik mirishkorlar ham belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarib, joriy yilda ham paxtadan yuqori hosil olishga zamin yaratmoqdalar.
Qo‘shko‘pir tumanidagi “Hosil Zarbdor” MCHJga qarashli dala maydonida 2025 yil. hosili uchun chigit ekish mavsumini tashkil qilishga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminari tashkil etildi.

Unda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib fermerlar, agronomlar va soha mutaxassislariga paxtachilikda samaradorlikni oshirish uchun qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha topshiriqlar berdi.
--- Reja asosida joriy yilda ham zamonaviy, intensiv usulda, ilg‘or texnologiyalar asosida chigit ekish ishlarini boshladik,-- deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ikrom Allayorov. – Maydonlarimizning asosiy qismiga xorijiy chigit urug‘larini qadamoqdamiz. Ya’ni 15 ming gektar maydonda 76/10 sxemada plyonka ostiga, 45 ming gektarga 76 sxemada, qolgan maydonlarga esa o‘zimizning an’anaviy usulda chigit ekamiz.

Ta’kidlash lozim, shu kungacha viloyatda mahalliy 5 xil paxta navi ekilgan bo‘lsa, endilikda yangi xorijiy navlar ham olib kelinib, dala maydonlariga tadbiq etilmokda.
--Bugungi kunda Xitoy, Turkiya, Hindiston davlatlaridan hosildorligi baland, nav tozaligi yaxshi, tolasi sifatli va tola chiqishi yuqori bo‘lgan navlarni keltirganmiz,--deydi Ikrom Allayorov. – Misol uchun, Xitoydan keltirilgan urug‘lik chigitlarimiz to‘g‘ri parvarishlansa, fermerlarimizning har gektardan oladigan paxta hosili 70-80 sentenerni tashkil etib, ikki-uch baravarga ortadi. Bugunga qadar ushbu navlarimiz mahalliy sharoitda sinovdan o‘tgan va yuqori hosil bergan.

Xorazmda 1600 nafarga yaqin paxta-g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi mavjud. Ko‘rgazmali seminar davomida mutaxassislar zamonaviy chigit ekish usullari, tuproqni tayyorlash, o‘g‘itlash va sug‘orish texnologiyalari haqida ma’lumotlar olishdi. Shuningdek, yuqori hosildorlikka erishish uchun chigit sifati va ekish chuqurligining ahamiyati tushuntirildi.
Ishtirokchilar zamonaviy chigit ekish texnikalarini ko‘zdan kechirib, ularning afzalliklari bilan tanishdilar.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari