Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda boshqaruv organlari ochiqmi?
12:23 / 2025-10-15

Bugungi kunda mamlakatimizda davlat boshqaruvi organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik, fuqarolarning axborotdan erkin foydalanishi va qabul qilinayotgan qarorlar ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab qo‘yilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bugun jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini o‘rganish va hal qilish borasida ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ta’siri tobora ortib borayapti.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab quvvatlashga qaratilgan islohotlar barcha hududlarda o‘z samarasini bermoqda.

Jumladan, Xorazm viloyatida ham bugungi kunda xususiy nashrlar, teleradiokanallar, internet resurslari va ulardan foydalanuvchilar soni tobora ortib bormoqda.

Bugungi kunda viloyatda jami 48 ta ommaviy axborot vositasi — 3 ta telekanal, 2 ta radiokanal, 21 ta bosma nashr va 22 ta elektron nashr faoliyat yuritmoqda. Ularning 72 foizi nodavlat sektorga tegishli bo‘lib, bu viloyatda fuqarolik jamiyati institutlari soni oshayotganligini, so‘z erkinligi ta’minlanib, aholining axborot olish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Masalan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2023 va 2024 yillar yakuni bo‘yicha e’lon qilingan “Ochiqlik indeksi” natijalariga ko‘ra, Xorazm viloyat hokimligi ketma-ket ikki yil davomida viloyatlar hokimliklari orasida birinchi o‘rinni egalladi.Bu hokimlik tomonidan ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ijtimoiy ahamiyatga ega axborotlarni hokimlikning rasmiy veb-sayti hamda ochiq ma’lumotlar portaliga o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuqori baholanganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, joylarda fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, yoritish va hal etishda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy faol fuqarolarning o‘rni sezilarli darajada oshmoqda. Ayniqsa, tanqidiy va tahliliy materiallar sonining ko‘paygani joylardagi muammolarni aniqlash, ular yuzasidan jamoatchilik fikrini shakllantirish hamda mas’ul idoralarni chora ko‘rishga undashda muhim vositaga aylangan.

Masalan, 2025 yilning birinchi yarmida viloyatda ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy, ya’ni kommunal soha, yo‘l infratuzilmasi, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar yuzasidan yuzdan ortiq tanqidiy material berilgan bo‘lib, mas’ullar tomonidan ularni hal qilish, amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilgan, shuningdek, ayrim masalalar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar ham berilgan.

Shu bilan birga, mahalliy bosma nashrlar jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda muhim o‘rin tutishiga qaramay, bugungi kunda ular faoliyatida bir qator muammolar kuzatilmoqda.

Viloyatdagi ayrim bosma nashrlarlarda bugungi kunda tanqidiy-tahliliy va jamoatchilik nazoratiga oid materiallar kamligi natijasida o‘quvchilari soni kamaygan. Bu esa tabiiy ravishda nashrlarning moliyaviy ahvoliga ham salbiy ta’sir qilib, 2-3 oyda bir marta chop etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Bosma nashrlar uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari muhim moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash vositasi hisoblansa-da, hozir viloyatda ko‘plab bosma nashrlar ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanmayapti. Masalan, so‘nggi ikki yilda 10 dan ortiq tanlovlar o‘tkazilgan bo‘lsa, ularda 4 ta bosma nashr davlat granti g‘olibi bo‘lgan.

Qolaversa, bugungi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda aksariyat bosma nashrlarning veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari tashkil qilinmagan bo‘lib, bu zamonaviy axborot maydonida bosma OAVlarning o‘rniga ta’sir qiladi.

Tahririyatlar o‘rtasida grantlar va ijtimoiy buyurtmalar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, gazetalarning rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalarini tashkil etib, materiallarni muntazam ravishda joylashtirib borish orqali tahririyat nufuzi va ta’sir doirasini oshirish mumkin.

Umuman olganda, OAV davlat idoralari faoliyatidagi kamchiliklar, byurokratik to‘siqlar, adolatsiz qaror yoki korrupsiya holatlarini fosh etish orqali ularni ochiq, mas’uliyatli va hisobdor bo‘lishga undaydi. Jurnalistik surishtiruvlar, tanqidiy maqolalar va jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan muammolar ko‘pincha aniq chora-tadbirlar ko‘rilishiga xizmat qiladi. Bu orqali fuqarolarda xolis va faol jamoatchilik fikri shakllanadi. 

Xulosa qilib aytganda, Xorazm viloyatida axborot makoni tobora kengayib, ommaviy axborot vositalarining soni va turlari ortib borayotgani ular tanqidiy-tahliliy materiallarga e’tibor berishi, aholi muammolarini yoritishi, raqamli platforma va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishi va davlat grant tanlovlarida faol ishtirok etishini davr taqozo qilmoqda.

Sardor AITBOEV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi 
Xorazm viloyat hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.O‘zA