Ayni kunlarda dars mashg‘ulotlaridan horigan o‘quvchi-yoshlar yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazish maqsadida turli sog‘lomlashtirish oromgohlarida hordiq chiqarishmoqda.
Xorazm viloyatidagi oromgohlarda ham bolalarning vaqtini mazmunli tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Sport maydonchalari, cho‘milish havzasi, ko‘chma kutubxona, turli to‘garaklar ularning ixtiyorida.
2024 yil yoz mavsumida vohadagi 28 ta oromgohda 11 ming 700 nafar bola dam oldirilishi rejalashtirilgan.
– Viloyatimizdagi barcha oromgohlarni mavsumga tayyorlash maqsadida ta’mirlash va jihozlash ishlari bajarildi, – deydi Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i Farmon Allaberganov. – Boshqarmamiz tasarrufida bo‘lgan oromgohlarni mavsumga tayyorlash maqsadida 650 mln so‘mlik ta’mirlash va jihozlash ishlari bajarildi. Oromgohlar zamon talablariga mos jihozlar bilan ta’mirlandi. Ayni kunda birinchi mavsum tugadi va ikkinchi mavsumga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Birinchi mavsumda oromgohlarda 3 ming 505 nafar bolajon sog‘lomlashtirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sho‘manay tumanidan joriy mavsumda 1000 nafar bola dam oldirilishi rejalashtirilgan. Ularning 400 nafarga yaqini birinchi mavsumning o‘zida sog‘lomlashtirildi.
So‘lim go‘shalardagi maskanlarning har bir kuni uchun alohida dasturlar belgilanganligi bolajonlarning vaqti ko‘ngilli va maroqli o‘tishiga xizmat qilmoqda.
Yangibozor tumanida joylashgan “Kelajak egalari” nomli viloyat iqtidorli bolalar oromgohida bolajonlarni sog‘lomlashtirish, miriqib dam olib, hordiq chiqarishi uchun sharoitlar yaratilgan. Oromgoh har navbatda 80 nafar dam oluvchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, 4 navbatda 320 nafar iqtidorli o‘quvchi ushbu so‘lim maskanda maroqli hordiq chiqaradi.
[gallery-17871]
– Bo‘zqal’a qishlog‘ining so‘lim maskanida joylashgan "Kelajak egalari" oromgohi viloyat hokimligining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda viloyatimizning barcha hududlaridan kelgan iqtidorli o‘quvchilar dam olib, hordiq chiqaradi, – deydi oromgoh rahbari Nafisa Abduraimova. – Oromgohimizda besh tashabbus doirasida kitobxonlik, IT-sohasi, sportning shaxmat, shashka, stol tennisi, mini futbol, badminton turlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilingan. Shuningdek, san’atning musiqa, rassomlik yo‘nalishlarida, she’riyat shaydolari kabi to‘garaklarimiz faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bizning oromgohimizda dam oluvchilarining ro‘yxati viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan eng iqtidorli va a’lo baholarga o‘qiydigan o‘quvchilar orasidan shakllantiriladi.
Ta’kidlash kerak, mazkur oromgohning IT-sohasi to‘garagi eng zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan bo‘lsa, kutubxonasi besh mingdan ortiq turli dabiyotlar bilan ta’minlangan. Ushbu maskanda dam oluvchilarning eng sevimli mashg‘uloti esa “Zakovat” intellektual o‘yinida faol ishtirok etishdir.
Yangibozorning yana bir so‘lim go‘shasida joylashgan "Pahlavon" oromgohida esa 105 nafar o‘g‘il-qiz, jumladan, Qoraqalpog‘istonning Sho‘manay tumanidan kelgan 26 nafar o‘quvchi sog‘lomlashtirilib, yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazmoqda.
Mavsum boshida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov ham oromgohga tashrif buyurib, bolajonlardan xabar oldi. Dam oluvchilar uchun kitobxonlik kechalari, turli tanlovlar, madaniy tadbirlar va sport musobaqalarini uyushtirish, kunlik taomnomani yanada boyitish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Viloyatdagi barcha oromgohlarda kutubxonalar faoliyati tashkil etilgan bo‘lib, ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etgan holda asarlar, badiiy adabiyotlar, gazeta va jurnallar bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qratilgan.
– Men har yili yoz faslida oromgohda dam olishni xush ko‘raman, – deydi gurlanlik o‘quvchi Aziza Gulmatova. –Chunki, bu yerda o‘tkazadigan kunimiz maroqli va sarguzashtlarga boy, qiziqarli o‘tadi. Bundan tashqari, o‘tgan o‘quv yilida olgan bilimlarimizni shu yerda yanada mustahkamlab, kelgusi o‘quv yiliga tayyorlanish imkoniyati ham bor. Bu yerda juda ko‘p do‘stlar, dugonalar orttirdim. Ularning barchasi tirishqoq, iqtidorli o‘quvchilardir. Oromgohlarda 12 kunlik dastur ishlab chiqilib, dastur asosida sport musobaqalari, madaniy–ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, bolalar bilan turli interfaol o‘yinlari ham tashkil etilmoqda.
Xususan, Hazorasp tumanidagi “Hazorasp niholi” oromgohida ham bolajonlar maroqli dam olib, kundalik sport mashqlarini ham kanda qilmay bajarishadi. Bu oromgoh dam oluvchilari orasida sportning mini futbol turiga qiziquvchilar juda ko‘p.
– Biz har kuni guruhlarga bo‘linib futbol musobaqasi tashkil qilamiz, – deydi dam oluvchi Abdulaziz Baxtiyorov.– Futbolni juda sevaman. Ushbu o‘yinni o‘ynab hecham charchamayman. Lekin oromgoh tartib-qoidalariga ko‘ra, belgilangan vaqtlarda o‘ynaymiz. Yaqinda oromgoh birinchiligini o‘tkazdik va bizning jamoamiz g‘olib bo‘ldi. Bizga homiylarning esdalik sovg‘alari va oromgoh kubogi topshirildi. Qani edi, yozning barcha kunlarini shu oromgohda o‘tkazsam.
Oromgohlarda dam oluvchi bolalar uchun viloyat miqyosida ichki turizmni shakllantirish bo‘yicha Xiva shahrining diqqatga sazovor joylariga hamda Urganch shahridagi istirohat bog‘lariga tashriflar amalga oshirilmoqda.
– Men sayohat qilishga, tarixni o‘rganishga juda qiziqaman, – deydi sho‘manaylik dam oluvchi Zayniddin Atamuratov. – Bu yil yozgi ta’til men uchun juda maroqli o‘tmoqda.
Men oromgohdagi do‘stlarim bilan Xivadagi “Ichan qal’a” muzey qo‘riqxonasida bo‘ldim. O‘zim uchun juda ko‘p ma’lumotlar to‘pladim. Oromgohdan uyimga qaytgach, ota-onamdan meni yana bir bor Xivaga olib borishlarini iltimos qilmoqchiman. Kelgusida ajdodlarimning tarixini chuqur o‘rganishni maqsad qilganman.
Viloyatdagi barcha oromgohlarda bolalar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop, shuningdek, dunyo manzaralari va tabiatini tarannum etuvchi filmlar va multfilm namoyishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, so‘lim maskanlarda mamlakatimizda butun dunyoda keng nishonlanadigan bayram tadbirlari ham tashkil etiladi.
Jumladan, 12 iyun– Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni munosabati bilan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi tomonidan Urganch tumanidagi “Jayhun quyoshi” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha o‘z majburiyatimizni bajaraylik!” shiori ostida tadbir o‘tkazildi. Tadbirga viloyat hokimligi, Bandlik hududiy bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi mas’ullari taklif qilindi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi raisi Gulsara Qurbonboyeva tadbirlarni ochib berar ekan, ushbu sananing ahamiyati, dunyoda bolalar mehnatiga barham berish borasida olib borilayotgan ishlar, Yangi O‘zbekistonda bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, salomatligini muhofaza qilish borasida ko‘rilayotgan choralarning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
Oromgohda dam olayotgan 200 nafar bolajonga futbolka hamda kepkalar sovg‘a qilindi. Taniqli sport ustalari va madaniyat xodimlari ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlar, konsert dasturlari o‘tkazildi. Oromgohda dam olayotgan iqtidorli bolalarning badiiy chiqishlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi. Besh ijobiy tashabbus doirasida “Mening kelajakdagi kasbim”shiori ostida rasm chizish tanlovi o‘tkazildi. G‘oliblar va foal ishtirokchilar kengash tomonidan diplom hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bolalar uchun bayramona tushlik tashkil qilindi. Bolajonlar butun dunyo bolalariga ezgulik va baxt tiladi hamda samoga yuzlab rang-barang pufaklar uchirdi.
Bu kabi tadbirlar Xorazm viloyatida joylashgan barcha bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida o‘tkazildi.
Xorazm viloyatidagi oromgohlar 3 mavsumdan 6 mavsumgacha faoliyat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lib, ularning atrofida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari, viloyat qo‘riqlash boshqarmasi bo‘linmalari xodimlari hamda bolalar salomatligini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlarining doimiy navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan.
Ahmajdon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari