Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi Xorazm viloyatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Prezident Xalq qabulxonalariga aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida hamda uyma-uy yurib o‘rganishlar olib borildi. Shu asosda joylarda ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida qator amaliy ishlar bajarildi.
Jumladan, 10,9 km ichki yo‘l ta’mirlandi.
Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 105 temir beton tayanch, 4 transformator o‘rnatildi. Bitta transformator katta quvvatlisiga almashtirildi, 6,7 km yangi tarmoq tortildi.

Aholiga qo‘shimcha 305,4 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 23,9 km suv tarmoqlari tortildi. 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilindi. 4 ta suv yig‘ish rezervuari va 2 ta transformator o‘rnatildi.
Viloyatdagi ko‘p qavatli uylarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 17 uyning fasad qismi, 4 uyning kirish yo‘laklari joriy ta’mirlandi. Yerto‘lalar tozalanib, dezinfeksiya ishlari amalga oshiridi, 28 bolalar maydonchasi va ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar obodonlashtirildi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 2 ming 691 nafar fuqaro va tadbirkorga jami 129,2 milliard so‘m kredit ajratildi. Jumladan, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 725 nafar fuqaroga 16,8 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi.

Jami 370 nafar fuqaroning bandligiga ko‘maklashildi. Shundan 145 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 45 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
O‘zini o‘zi band qilish maqsadida faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 59 nafar fuqaroga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan 42 million so‘mlik uskuna subsidiya asosida olib berildi.
Sog‘liqni saqlash, ta’lim, xotin-qizlar, yoshlar masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibor markazida bo‘ldi.

Jumladan, Yangiariq tumanidagi qator mahallalarda o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar doirasida 3 mingt345 nafar fuqaro qamrab olindi. Shundan 134 nafariga davolanish uchun yo‘llanma berildi. Ehtiyojmand bemorlarning 313 nafariga bepul dori-darmon tarqatildi. 3 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Tumandagi uyida ta’lim oluvchi 75 nafar nogironligi bor o‘quvchining holidan xabar olindi, ularga o‘quv qurollari, sovg‘alar topshirildi.
“Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 97 nafar fuqaroga 274,5 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Shundan, 35 nafar fuqaroga 137,6 million so‘m kontrakt to‘lovi, 38 nafar fuqaroga 40,9 million so‘m moddiy yordam berildi.
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan 38 nafar kam ta’minlangan oilaga bolalar nafaqasi, moddiy yordam tayinlanib, amaliy yordam ko‘rsatildi.
O‘zA