Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazmda  9 tonna palov tayyorlandi
22:22 / 2025-12-14

Xivadagi "Arda Xiva" turizm majmuasida "Xorazm palovi" xalqaro osh festivali o‘tkazildi.

Xalqaro festival viloyat hokimligi va o‘ndan ortiq tashkilotlar  hamkorligida yuksak saviyada tashkil etildi.

—Prezidentimiz tashabbuslari bilan Xiva shahridagi “G‘ovuk” ko‘li atrofida 1,1 trillion so‘mlik investitsiya hisobiga  24,5 gektar maydonda 250 dan ortiq turizm ob’ektlarini o‘z ichiga olgan “Arda Xiva” turistik majmuasi barpo qilindi va joriy yilda foydalanishga topshirilgan edi, —deydi  Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov. — Majmua yiliga bir yarim  milliondan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlarni qabul qiladi. Bundan tashqari, turistlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida har yili bu yerda 10 dan ortiq xalqaro festivallar, 20 dan ortiq mahalliy ommaviy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. "Xorazm palovi" xalqaro osh festivali ham shular jumlasidandir. 

"Arda Xiva" turizm majmuasiga o‘n minglab xorijlik mehmonlar va mahalliy aholi yig‘ildi. Majmua oldidagi keng maydon bayramona bezatilgan, uning o‘rtasida Yangi yil bayrami archasi o‘rnatilgan.  Davrada bayramona kayfiyat hukmron. 

Maydonning maxsus qismida esa ehtimol dunyodagi eng katta doshqozonda,  respublikamizda va butun dunyoda mashhur oshpazlar tomonidan mamlakatimizda ilk bor rekord — 9 tonna og‘irlikdagi “Xorazm palovi”  tayyorlandi.

— Mazkur palov men hayotimda ko‘rgan eng katta hajmli osh bo‘lib, unga 2,5 tonna guruch,  3 tonna go‘sht, 3 tonna sabzi, 700 litr yog‘-moy, 100 kilogrammdan ortiqroq piyoz, undan ham ko‘proq mayiz va boshqa masalliqlar ishlatildi. — deydi O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasining bosh texnologi Tolibjon Umaraliyev.  – Palov uchun Xorazmning eng yaxshi guruchlaridan biri bo‘lgan  “Alanga” navi tanlandi. Katta hajmdagi osh choyxonada, to‘y-bazmlarda yoki uyda tayyorlanadigan oddiy oshdan farq qiladi. Taomga bir necha kun tayyorgarlik ko‘rildi. Hatto, qozon ostiga, go‘shtning tagiga qo‘yiladigan ilikli suyakning og‘irligi 300 kilogramni tashkil qildi.  Palov o‘choqqa olov yoqilganidan so‘ng o‘n soat davomida pishib tayyor bo‘ldi. 

Festival doirasida mehmonlarga respublikamizning 70 dan ortiq mahoratli oshpazlari  ishtirokida pazandachilik namoyishlari hamda jonli madaniy dasturlardan taqdim etildi. 

Gastrofestivalni butun dunyodan kelgan xorijiy va mahalliy OAVlar, millionlab kuzatuvchisiga ega bo‘lgan fudblogerlar to‘g‘ridan - to‘g‘ri namoyish etib, yoritib bordi. 

—Aminmanki, dunyoda, baribir, o‘zbek palovining mazasi va quvvatiga yetadigani yo‘q, — deydi xalqaro ekspert Mustafa Aljaben. – Taom tayyorlanayotgan doshqozonni aslida o‘zbek xalqi  “Do‘stqozon” deydi. Bu ulkan qozon xalqlarning umumiy farovonligi, do‘stligi va mehmonnavozligi ramzidir.  Bugungi festivalga Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyati uyushmasi (WACS) ham katta qiziqish bildirgan. Bu ham bo‘lsa, O‘zbekistonda ushbu gastronomik turizm yo‘nalishiga katta e’tibor qaratilishi tufaylidir.  

To‘qqiz tonna oshning bir qismi festival ishtirokchilariga tortiq etildi. Undan tatib ko‘rganlar o‘ziga xos ta’m va betakror taassurotni his qilgan bo‘lsa, ajab emas. 

[gallery-26728]

Xorazm palov-oshining katta qismi esa ehson sifatida viloyatdagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalar, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylariga tarqatildi. 

Xullas, xalqaro festival viloyatning turistik jozibasini yanada oshirish va xalqimizning bayramoldi kayfiyatini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA