Xorazm diyori faqatgina tarixiy manzil emas, balki zamonlar osha uzilmagan muloqot, ming yillardan buyon so‘z va fikr almashinuvi to‘xtamagan zamindir. Bir paytlar Buyuk ipak yo‘li karvonlari tunab o‘tgan bu hudud bugun yana xalqaro anjumanlar, ilmiy forumlar va madaniy muloqotlar, nufuzli tadbirlar uchun ochiq maydonga aylangan.
2025 yilda butun mamlakatimiz qatori ushbu voha ham ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan ulkan yutuqlar, o‘tkazilgan muhim xalqaro anjumanlar bilan tarix sahiflaridan joy oldi.
O‘tgan yili viloyatda o‘ndan ortiq xalqaro festivallar, 20 dan ortiq mahalliy ommaviy tadbirlar o‘tkazildi.
“Xalqaro baxshichilik san’ati”, “Qovun sayli”, “Lazgi” xalqaro festivallari, “Strongmen” xalqaro bahodirlar o‘yini, Xorazm xalqaro investitsiyalar forumi hamda “Xorazm xonlari milliy taomlari” xalqaro gastronomik festivali kabi xalqaro tadbirlar shular jumlasidandir.
Aprel oyining 26-28 sanalarida vohaning qadimiy shahri Xivada bo‘lib o‘tgan “IV Xalqaro baxshichilik san’ati” festivalida nufuzli xalqaro tashkilotlar va qardosh xalqlar vakillari, dunyoning qirqdan ziyod mamlakatlaridan kelgan xalq ijodiyoti namoyandalari, atoqli madaniyat va san’at arboblari ishtirok etdilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning festival ishtirokchilariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek, xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgan mazkur anjuman shu safar Sharq gavhari bo‘lmish, ko‘hna va betakror Xorazm diyorida o‘tkazilgani unga alohida ruh va mazmun bag‘ishladi. Bu o‘lkaning dostonchilik maktabi g‘oyat qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, “Lazgi” kabi dunyoga mashhur mumtoz kuy-qo‘shiqlari, go‘zal raqslari aynan ana shu azim daryodan oziqlanib kelmoqda.
Aytish mumkinki, bugun chin ma’noda vohaning faxriga aylangan yangi sayyohlik majmuasi “Arda Xiva” 8-10-avgust kunlari an’anaviy “Qovun sayli” xalqaro festivaliga mezbonlik qildi.
Mazkur anjuman qovunchilik, hunarmandchilik va turizm an’analarini o‘zida mujassam etdi.
Qadimda Xorazmda 400 dan ortiq qovun navlari yetishtirilgan. Hozir esa 150 ga yaqin navlar ekiladi. Festivalda voha tumanlarida polizchilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan ana shunday qovun navlari bilan ishtirok etishdi. Vohaga tashrif buyurgan mahalliy va chet ellik sayyohlar bir-biridan totli qovunlar hamda ulardan tayyorlangan shirinliklar, yaxna ichimliklardan bahramand bo‘lishdi.
Mehmonlar qovunlarni tatib ko‘rish, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashish va mintaqaning qishloq xo‘jaligi an’analari haqida ko‘proq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Qovun sayli bu shunchaki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi emas. Bu xalqimizning urf-odatlari, milliy taomlari, folklor san’ati va mehmondo‘stlik ruhi namoyon bo‘lgan madaniy bayramdir.
[gallery-27012]
Mazkur festival va uning doirasidagi ko‘plab madaniy tadbirlar vohaga bir milliondan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etib, bu borada rekord natija qayd etildi.
Sentyabr oyida o‘tkazilgan Xalqaro investitsion forumda esa 32 nafar diplomatik korpus vakili, dunyoning 31 ta davlatidan tashrif buyurgan 315 nafar ishbilarmon ishtirok etdi.
Xorijlik va mahalliy ekpert hamda sarmoyadorlar iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan Xorazm viloyatining investitsion jozibadorligini e’tirof etishdi.
Qizg‘in muloqotlarga boy tarzda o‘tgan forum doirasida dunyoning qator yirik kompaniyalari bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Forumning uzviy davomi sifatida o‘z ishini boshlagan Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida yangi innovatsion ishlanmalarni namoyish etish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay imkoniyat yaratildi.
Ko‘rgazmada respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan ishlab chiqaruvchilar turizm sohasi uchun to‘qimachilik mahsulotlari, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mebelsozlik bo‘yicha o‘z mahsulotlari bilan qatnashishdi.
Xiva shahridagi “Arda Xiva” sayyohlik majmuasi sentyabr oyida yana bir nufuzli tadbirga mezbonlik qildi. “Xorazm xonlari milliy taomlari” gastrofestivali Xorazm oshxonasining o‘ziga xos an’analarini xalqaro maydonda namoyish etish gastronomik turizm rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
– Asrlar davomida shakllangan Xorazm oshxonasi O‘zbekistondan tashqarida ham yaxshi tanilgan bo‘lib, festival uni yanada ommalashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov. – Ushbu festival Xorazm viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish chora-tadbirlari doirasida tashkil etildi. Festivalning maqsadi Xorazm milliy taomlarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish orqali gastronomik turizmni jadal rivojlantirishdir.
O‘zbekiston va Turkmaniston tarixan yaqin, bir ildizdan o‘sib chiqqan, mushtarak madaniyat va qadriyatlar bilan bog‘langan ikki qardosh xalqdir.
Shu do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida 2025 yil 20–25 oktyabr kunlari O‘zbekistonda “Turkmaniston madaniyati kunlari” o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida turkmanistonlik san’atkorlar sahnada o‘z milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslari va teatr chiqishlari bilan tomoshabinlar e’tiborini qozondilar.
Shuningdek, madaniyat kunlari doirasida tasviriy san’at, amaliy bezak san’ati va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari ham tashkil etildi.
Noyabr oyida esa O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tarixida yangi davr boshlanib, O‘zbek-turkman chegara savdo markazi ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov “Shovot-Toshhovuz” qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini masofadan turib ishga tushirdilar.
Mazkur hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlarining ma’muriy binolari, savdo paviloni va omborlar joylashgan.
“Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan interfaol tizimlar, bank, tibbiyot va mehmonxona xizmatlari uchun zarur infratuzilma, shuningdek, katta avtoturargoh ham tashkil etilgan savdo zonasi faoliyati umumiy aholisi 3,5 milliondan ziyod bo‘lgan ikkita muhim hudud – O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Xullas, yakuniga yetgan yilda Xorazm viloyati muhim xalqaro anjumanlar manziliga aylandi. Yil davomida 150 dan ortiq xorijiy davlatlardan ikki milliondan ziyod xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi. Bu raqam mahalliy sayyohlar bilan qo‘shib hisoblansa, qariyb o‘n bir millionga yetadi.
Joriy yil uchun ham bu borada muhim chora-tadbirlar belgilangan. Chunki, iqtisodiyotining asosiy drayveri turizm bo‘lgan Xorazmning har tomonlama taraqqiy etgan manzilga aylanishi ikki millionlik aholining turmush farovonligi oshishini ta’minlaydi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari